Xususan, milliy iqtisodiyot rivojini transportsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Transport infratuzilmasi sifati uning jahon miqyosidagi raqobatbardoshligi darajasini, sifatli xizmat koʻrsatish koʻlami kengayishi esa jamiyatning qanchalik rivojlanib borayotganini koʻrsatadi. Transport tarmoqlari orasida fuqaro aviatsiyasining alohida oʻrni bor.

Mazkur soha savdo-sotiq, turizm, biznes, ilmiy tadqiqot yuritish kabi yoʻnalishlarni jadal rivojlantirishga ham katta yordam koʻrsatadigan ustuvor tarmoqlardan biri sanaladi. Tartibli, oqilona yoʻlga qoʻyilgan havo yoʻllari xizmati esa bir paytning oʻzida mamlakat iqtisodiyoti, siyosati, ijtimoiy hayot barqarorligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Ilk qadamlar

Yoʻq, fuqaro aviatsiyasi tarixini batafsil bayon etmoqchi emasmiz. Ammo baʼzi maʼlumotlarni keltirib oʻtish soha borasidagi ­tasavvurimizni yanada boyitadi deb oʻylaymiz.

Yurtimiz hududida fuqaro aviatsiyasi tarixi 1924-yildan boshlangan. Birinchi fuqarolik reysi Toshkent — Bishkek — Olmaota yoʻnalishida amalga oshirilgan. 1927-yilda esa Toshkent — Kobul yoʻnalishidagi birinchi xalqaro yoʻnalish tashkil qilingan. 1958-yilda Toshkent aeroporti xalqaro ­aeroport maqomiga ega boʻldi.

Shu kungacha bosib oʻtilgan bir asrlik yoʻl hazilakam vaqt emas, albatta. U tuzum, zamon, mavjud shart-sharoit, imkoniyatlarga koʻra, bir tekis rivojlanmagan. Oʻtgan davr mobaynida sohada tarix sahifalariga muhrlangan koʻplab voqealar boʻlib oʻtgani, oʻzgarishlar amalga oshirilgani tabiiy hol. Biroq butun dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi havo yoʻllari bir-biri bilan chambarchas tutashib ketayotgani fuqaro aviatsiyamizda katta islohotlarni talab qilayotir.

Oʻtgan vaqt davomidagi sohaning taraqqiyot bosqichlarini inkor etmagan holda, mustaqillik yillarida boshlagan milliy aviatsiya faoliyati oʻzgacha sinov, jiddiy ijobiy oʻzgarishlar davri boʻldi. Jumladan, mamlakat ­aeroportlarini va transport infratuzilmasini qayta tiklash maqsadida 1992-yili “Oʻzbekis­ton havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi tashkil etildi.

Keyinchalik esa “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi direksiyasi”, shuning­dek, “Uchuvchilar majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot maj­muasi” davlat unitar korxonalari negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan va hozir shu nomda faoliyat yuritib keladi.

Har qanday sohada dastlabki qadamlar oson boʻlmaydi. Milliy aviakompaniya fao­liyatining boshlangʻich bosqichida fuqaro aviatsiyasini modernizatsiya qilish va rivoj­lantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi va oʻtgan davr mobaynida muvaffa­qiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Shunday vazifalardan biri fuqaro aviatsiya­sida parvozlar boʻyicha yangi yoʻnalishlarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi va bu jadallik bilan davom etmoqda.

2018-yil 27-noyabrida mamlakatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan. Unda sohadagi boshqaruvning zamonaviy shakl va usullarini jadal joriy etish, tarmoqdagi korxonalarni jahon tendensiyalari, standartlariga muvofiq tarkibiy oʻzgartirish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish, investitsiya jalb etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qator vazifalar belgilab berilgan.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida mamlakatimizning global transport-logis­tika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi salohiya­tini oshirish belgilangan. Ushbu maqsad doirasida milliy transport tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash, shu jumladan, aviaqatnovlar sonini 15 foiz oshirishni nazarda tutish vazifasi qoʻyilgan, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlari hajmini 10 foiz oshirish nazarda tutilgan.

Aviaqatnovlar sonini 4 barobar oshirish, samaradorligi past boʻlgan hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga berish koʻrsatib oʻtilgan. Res­publikaning 6 ta yirik aeroportini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va xususiy aviakompaniyalar sonini 10 taga yetkazish rejasi qayd etilgan. Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, bu rejalarni amalga oshirish qogʻozdagina qolib ketmayapti.

Oʻtgan yillar davomida yurtimiz hududidagi aeroportlarni modernizatsiya qilish boʻyicha ishlar ancha jadallashib ketdi. Aniq raqam va faktlar bilan aytadigan boʻlsak, Samarqand, Termiz, Urganch, Shahrisabz, Moʻynoq, Qoʻqon, Zomin va Sariosiyo aeroportlari yangilandi. Qator shaharlarimizda ham modernizatsiya jarayonlari davom etyapti.

* * *

2025-yilning 15-16-aprel kunlari Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qator infratuzilmaviy, sanoat, transport va ijtimoiy loyihalar taqdimot qilinib, hudud taraqqiyotini belgilab berishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Andijon xalqaro aeroporti qayta ishga tushirilgani esa muhim yangilik deb baholandiki, bu “falon obyekt qurildi” qabilidagi oddiy maʼlumot emas.

Aslida, bu aeroport 1978-yilda qurilgan boʻlib, tezkor zamon talablariga mos kelmay qolgandi. Uchish-qoʻnish yoʻlagining yuk koʻtarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimi yoʻqligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangan. Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi ­bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3300 metr, kengligi 60 metr boʻlgan yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yurish yoʻlagi va samolyotlar toʻxtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yoʻlagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.

Natijada “Boeing”, “Airbus” rusumidagi yirik samolyotlarni noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin boʻladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi. Hozir ikkinchi bosqichda yoʻlovchi terminalini yangidan qurish nazarda tutilgan. Chunki shu orqali yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3700 taga ortadi. Xususan, Andijon shahri va Fargʻona vodiysiga qatnovlar sonini sezilarli darajada koʻpaytirish mumkin boʻladi.

Transport, ayniqsa, fuqaro aviatsiyasiga muntazam eʼtibor qaratilayotganiga yana bir dalil sifatida quyidagi voqelikni keltirib oʻtsak.

Joriy yilning 1-may kuni davlatimiz rahbarining hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, yangi istiqbolli rejalarni belgilash maqsadidagi Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida ham Urganch ­aeroporti modernizatsiyasi loyihasi borasida hisobot berilgani bejiz emas. Chunki Xorazm qadim tarixi va obidalari, madaniyati bilan kelayotgan mahalliy va xorijlik sayyohlarni, ishbilarmonlar sonini koʻpaytirib, turizm jozibadorligini oshirib kelayotgan hudud. Lekin bu boradagi muammolar ham yoʻq emas. Jumladan, soatiga 400 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniga ega Urganch xalqaro aeroporti modernizatsiya va boshqaruv shaklini oʻzgartirishni talab etmoqda.

Janubiy Koreyaning Inchon aeroporti bilan sheriklikda

Bu boradagi loyiha ijrosi yuzasidan davlatimiz rahbariga berilgan axborotga koʻra, 2024-yil avgust oyida eʼlon qilingan ochiq tender ikki bosqichda oʻtkazilgan va unda Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qatar kabi davlatlardan sakkizta kompaniya ishtirok etgan. Idoralararo tender komissiyasi qarori bilan Koreya Respublikasining “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi gʻolib topilgan. Ushbu kompaniya prezidenti Inchon xalqaro aeroporti sigʻimi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turishi va servis xizmat koʻrsatish borasida ham yetakchilardan ekanini bildirdi.

223 million dollar qiymatidagi ushbu lo­yihani amalga oshirish davomida yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, yoʻlovchi va yuk terminallarini qurish, ICAO talablariga javob beruvchi yoritish-signal qurilmalarini oʻrnatish, maxsus texnika xarid qilish kabi chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

“Xorazmda koʻplab zamonaviy mehmon­xonalar, dam olish va savdo markazlari ­barpo etyapmiz. Kelajakda sayyohlar oqimini 5 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buni aeroport bilan hamohang qilsak, ­oʻzaro manfaatli boʻladi, daromad koʻpayadi”, deya taʼkidladi mamlakatimiz rahbari.

* * *

Har qanday korxona, tashkilot yoki muassasaning imkoniyati, moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati uning rivojidagi asosiy omillar sirasiga kiradi. Shu maʼnoda, “Uzbekistan Airways” doimiy rivojlanishda boʻlib kelayotganini quyidagi maʼlumotlar ham tasdiqlaydi.

Milliy aviakompaniya parvozlari uchun hozir “Airbus A320-200”, “Airbus A320neo”, “Airbus A321neo”, “Boeing 767-300ER”, “Boeing 767-300BCF”, “Boeing 787-8”, “ATR-72”, “ L-410”, “Airbus A330”, “Pilatus PC-24” rusumlaridagi oʻnlab samolyotlar xizmat koʻrsatadi.

Fuqaro aviatsiyasida eng avvalo, parvozlarning xavfsiz, ishonchli, qulay boʻlishiga asosiy eʼtibor qaratiladi. Bugungi kunda milliy avia­kompaniyamiz havo laynerlari dunyoning deyarli barcha qitʼalariga parvozlarni yoʻlga qoʻygan.

2024-yilda 6 milliondan ortiq yoʻlovchi tashilgan, reyslar soni 40 mingdan oshgan. Bu 2023-yildagidan 25 foiz koʻp demakdir. Muntazam va charter reyslar orqali 60 ming tonnadan ortiq yuk tashilgan. Oʻtgan yili aviakompaniya parki yana beshta samolyotga koʻpaydi.

— Bu yil kompaniyamiz faoliyatini bosh­laganiga oʻttiz uch yil toʻldi va bu kichik davr emas, — deydi “Uzbekistan Airways” AJ Bosh­qaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov. — Hozir yaqin istiqbolga belgilangan rejalar boʻyicha barcha vazifalarni uddalab boʻldik, deya olmayman. Faoliyatimizni yanada sifatli darajaga olib chiqish boʻyicha ishlarimiz koʻp. “Uzbekistan Airways” dunyo boʻyicha 100 ga yaqin yoʻnalish orqali parvozlarni amalga oshirib keladi. Oʻtgan yili 6 milliondan ortiq fuqaroni tegishli manzillariga yetkazdik. Katta imkoniyat va 37 milliondan ortiq fuqaroga ega yurtimiz uchun bu oz. Texnik jihatdan yaxshi taʼminlangan aviakompaniyamizda malakali mutaxassislarimiz yetarli. Milliy aviakompaniya­miz nufuzini belgilab beradigan birinchi galdagi ustuvor jihatlar fuqarolar uchun parvoz xavfsiz, imkon qadar qulay va shinam shart-sharoit deb bilamiz. Zero, yoʻlovchi manfaati hammasidan ustun turadi.

“Menga avtomobildan koʻra, samolyotni boshqarish osonroq...”

Bolaligimizda “Mening orzuim” yoki “Kim boʻlsam ekan?” mavzularida insho yozdirishganda oʻsha davr oʻquvchilari negadir uchuvchi boʻlishga qiziqishini bayon qilardi. Bu balki uchuvchilikning yosh avlodda osmon qadar baland tuygʻu, havas va yorqin taassurot uygʻotganidadir. Garchi u ­paytlar aviatsiya, uchuvchilik borasidagi tushunchalarimiz anchayin sodda va tor boʻlsa ham. Sohaning vazifasini esa odamlarni bir manzildan bosh­qasiga tez yetkazish deb bilganmiz, xolos.

Fuqaro aviatsiyasida har bir xodimning oʻz oʻrni va vazifasi muhim oʻrin tutadi. Shunday boʻlsa-da, ular faoliyatini uchuvchilarsiz tasavvur etish qiyin, albatta. Lekin birgina orzu-havas bilan bu kasbga erishib boʻlmaydi.

— Uchuvchilikni tanlashimga sabab, avvalo, ota kasb, — deydi havo kemasining malakali komandiri Ahmadjon Gʻulomov. — Yoshligimdan shu kasbga qiziqishim boʻlgan. ­Tegishli oliy oʻquv yurtini bitirib kelgach, 2015-yildan ish boshlaganman. Toʻgʻri, dastlab kichik samolyotlarni boshqarganmiz, ikki yildan soʻng “Airbus-320” samolyotini boshqarishga oʻtdim. Hozir esa “Airbus-321” havo kemasi sardori boʻlib ishlayman. Bizning kasbimizda birinchi galdagi vazifa yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlashdan iborat. Birinchi parvozimdagi hamma jarayon... Oʻrganmagan odam uchun bu tushunarsiz holat... Koʻp parvozlar tegishli ruhiy koʻnikma va tajriba bilan paydo boʻladi. Ochigʻi, menga avtomobildan koʻra, samolyot bosh­qarish osonroq, desam toʻgʻri tushuning. Bu koʻp jihatdan yerda, parvoz davomidagi oʻziga xos tayyorgarlikka bogʻliq. Shu sababli birinchi marta parvoz qilinadigan yoʻnalish boʻlsa, bunga alohida va jiddiy tayyorgarlik koʻriladi. Bir oyda oʻrtacha 10-15 ta parvoz boʻladi va manzillar oraligʻidagi masofasiga koʻra, bu raqam koʻproq yoki kamroq boʻlishi ham mumkin. Baʼzi paytlarda 5-6 kunlab bosh­qa mamlakatda turib qolamiz va oy davomidagi parvozlar soni kamayishi mumkin. Uchuvchilikka qiziqqan yoshlarga esa har tomonlama — ruhiy va jismoniy tayyorgarlik, talab darajasida bilim olishlariga qattiq harakat qilishni maslahat bergan boʻlardim. Eng muhimi, el-yurtimizning bizga boʻlgan yuksak ishonchini qozonish.   

Talablar ham undan kam emas

Koʻpchilik tegishli oliy oʻquv yurtini tamomlagach, birdaniga samolyotni boshqaradigan jamoa safiga qoʻshiladi deb oʻylashadi. Ammo har bir parvozda yuzlab yoʻlovchilar xavfsizligini zimmasiga oladigan bu kasbga amaliy jihatdan kirishib ketish tez fursatda roʻy bermaydi.

Mutaxassislar taʼkidicha, uchuvchi boʻlish uchun “Uzbekistan Airways” aviakompaniya­siga qarashli Oʻquv-mashgʻulot markazida bosh­langʻich kurslarda oʻqib-oʻrganish ikki yil davom etadi. Asosiy talablar esa texnik universitetni tamomlagan boʻlishingiz, IELTS testida kamida 6 ball olishingiz va albatta, sogʻligʻingizda muammo boʻlmasligi kerak. 

Yurtimiz fuqaro aviatsiyasi xizmati sifati xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqdaki, bu nafaqat sohada xizmat koʻrsatayotganlar, shu zaminda istiqomat qilayotgan vatandosh­lar qalbida faxr hissini uygʻotishi tabiiy. Jumladan, Buxoro aeroporti bir necha marta “MDH mamlakatlaridagi eng yaxshi aeroport”, “Dinamik rivojlanayotgan aeroport” sifatida baholangani, shuning­dek, milliy aviakompaniyamiz samolyotlari parvozlar xavfsizligini taʼminlashdagi yutuqlari, belgilangan jadvaldan ogʻishmay ishlashi, punktualligi bilan ham xorijlik hamkasblar tomonidan munosib eʼtirof etib kelinadi. Bu kabi yutuqlar hisobot yoki ortiqcha maqtov emas, balki fuqaro aviatsiya­miz zamon bilan qadam-baqadam ijobiy oʻzgarishlarga yuz tutganidan darak beradi.

Prezidentimizning 2023-yil 16-oktyabrdagi “Aviatsiya faoliyatini samarali tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Silk Avia aviakompaniyasi “Uzbekistan Airways” AJ tarkibiy boʻlinmasi hisoblangan “Uzbekistan Helicopters” MCHJ tarkibiga oʻtkazildi.

Shuningdek, mazkur qarorda “Uzbekistan Helicopters” MCHJ zimmasiga mahalliy avia­qatnovlarning sonini oshirish, parvozlar geog­rafiyasini kengaytirish, yangi yoʻnalish­larni yoʻlga qoʻyish hamda “ATR72-600” rusumli havo kemalari parkini rivojlantirish vazifalari ham belgilab berildi.

Bugungi kunda Silk Avia mamlakatimizning deyarli barcha aeroportlarini qamrab oldi, desak adashmagan boʻlamiz. Toshkentdan Samarqand, Qarshi, Termiz, Buxoro, ­Navoiy, Urganch, Fargʻona, Namangan, Andijon, ­Zomin, Qoʻqon, Shahrisabz, shuningdek, ­Nukus — Moʻynoq yoʻnalishida parvozlar amalga oshirib kelinmoqda. Yaqin kunlarda Toshkent — Sariosiyo — Toshkent yoʻnalishida ham avia­qatnovlar tashkil etiladi.

* * *

Milliy aviakompaniyaning Parvozlarni boshqarish markazi toʻliq takomillashtirilgani fuqaro aviatsiyamizga boʻlgan ishonchni yanada oshiradi. Markaz hozir ilgʻor mamlakatlar aviakompaniyalarida foydalaniladigan eng soʻnggi texnik jihozlar bilan taʼminlangan. Jumladan, katta ekranda qaysi ­samolyot qaysi manzildan qaysi shaharga, qanday baland­likda uchayotgani, yoʻlovchilar va boshqa eng kerakli maʼlumotlar onlayn shaklda, oʻziga xos yoʻnalishli xarita bilan monitor orqali namoyish etib turiladi. Bu esa parvoz xavfsizligini taʼminlash darajasini yanada oshiradi.

Shubhasizki, ushbu sohadagi islohotlar mamlakatimiz iqtisodiy yuksalishi, aviakompaniya faoliyati samaradorligini oshirish, uning raqobatbardoshligini, parvozlar xavfsizligini taʼminlash nuqtayi nazaridan oʻta muhim ahamiyatga ega. Demak, tinchlik maqsadlariga xizmat qilayotgan fuqaro aviatsiyasini rivojlanishning yangi bosqichlari kutmoqda.

Rustam BOYTOʻRA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri