Ўзбекистонда фуқаролик институтини либераллаштириш изчил давом этмоқда

    Fuqarolik shaxsning muayyan davlatga siyosiy-huquqiy mansubligini anglatuvchi institut hisoblanadi.

    Oʻzbekiston fuqarolikka qabul qilish borasida qonuniylik, insonparvarlik va ijtimoiy bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan holda inson manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirib boradi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi demokratik qadriyatlar va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillariga sodiqligini namoyon etib, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi gʻoyalari asnosida har bir insonning fuqarolikka boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlab kelmoqda.

    Fuqarolik shaxsning muayyan davlatga siyosiy-huquqiy mansubligini anglatuvchi institut hisoblanadi. Davlat oʻz fuqarosini Konstitutsiyada belgilangan huquqlaridan foydalanish hamda mamlakat ichida va tashqarisida himoyalashni kafolatlaydi.

    Oʻzbekistonda oxirgi yillarda fuqarolik berish sohasida muhim islohotlar yuz bermoqda. Raqamlarga eʼtibor qaratsak, 1991-yildan 2016-yil dekabrgacha 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan boʻlsa, 2016-yil dekabrdan 2020-yilgacha boʻlgan muddatda bunday shaxslar 16 000 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, 2020-yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonda yashab kelgan 50 000 fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi. Oʻzbekiston oʻz fuqarolarining davlat hududidan tashqarida boʻla turib, Oʻzbekistonning homiyligi ostida boʻlishdek konstitutsiyaviy huquqini roʻyobga chiqarish uchun Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga borib qolgan fuqarolarini “Mehr operatsiyalari” doirasida Vataniga qaytarib, ularga tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatmoqda.

    Shuningdek, pandemiya sharoitida, xorijiy mamlakatlarda boʻlib turgan hamda Oʻzbekistonga qaytish istagini bildirgan fuqarolarini davlat hisobidan charter reyslar orqali Vatanga qaytardi.

    Taʼkidlash joizki, joriy yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan 60 yilligi keng nishonlanadigan BMT Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablari yangi Oʻzbekistonda izchil amalga oshirilayotgani BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchi ofisi va BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari tomonidan ham alohida eʼtirof etildi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlashga oid izchil davlat siyosati natijasida Oʻzbekiston ilk bor Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga qabul qilindi. Mazkur obroʻli xalqaro tashkilotning 46-sessiyasida nutq soʻzlagan davlatimiz rahbari fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish davom etishi natijasida joriy yilda 20 mingdan ziyod kishi Oʻzbekiston fuqaroligiga ega boʻlishini taʼkidlagan edi.

    Oʻzbekiston fuqarolik institutini takomillashtirish va bu borada xalqaro standartlar, prinsiplarga rioya qilish asnosida inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash maqsadida joriy yilning 14-iyunida “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidaʻgi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.

    Mazkur hujjat boshqa sohalarda boʻlgani kabi fuqarolik sohasida ham xalqimizni rozi qilish maqsadida odamlarning kundalik hayotda yuzaga kelgan ehtiyojlari asosida ishlab chiqildi.

    Unda bir qator muhim islohotlar koʻzda tutilgan. Birinchidan, endilikda 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi kiritildi. Quvonarlisi, yangi tartibga koʻra, 20 mingdan ziyod kishi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻladi.

    Ikkinchidan, oʻzini Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida kamida oʻn besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi belgilandi.

    Yaʼni, oʻn besh yil doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini umumiy tartibda qabul qilish uchun iltimosnoma bilan murojaat qilish zaruriyati qolmaydi.

    Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish boʻyicha maʼmuriy tartib-taomillar soddalashtirildi. Xususan, mazkur shaxslar endilikda faqatgina doimiy yashash joyidagi emas, balki vaqtincha turgan joyidagi ichki ishlar organiga ham murojaat qilishi mumkinligi belgilandi.

    Toʻrtinchidan, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga bugungi raqamlashtirish davrining eng muhim institutlaridan biri “identifikatsiyalovchi ID-kartasi” atamasi kiritildi.

    Beshinchidan, Oʻzbekiston Respublikasida tugʻilgan va shu yurtda yashab kelayotgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan boʻlishi shart emas etib belgilandi.

    Xulosa sifatida aytish mumkinki, Yangi Oʻzbekiston sharoitida tobora takomillashib borayotgan fuqarolik masalalariga oid yangi tizim fuqarosizlikni qisqartirish asnosida Oʻzbekiston Respublikasining halqaro imidji yana-da mustahkamlash, sohaga oid davlat xizmatlarini takomillashtirish, huquqni qoʻllash amaliyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Davron Mamasobirov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti dekan oʻrinbosari