Bugun, 24-may kuni boʻlib oʻtgan brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur qaror ahamiyatiga toʻxtalar ekan, quyidagilarni maʼlum qildi.

— Ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻrib turibmizki, ayollarga tazyiq oʻtkazish holatlari koʻp uchrayapti. Joriy yilning oʻtgan davrida 2 ming 437 nafar ayol shunday muammolar bilan murojaat qilgan.

Prezident qaroriga asosan, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari tashkil etiladigan boʻldi.

Eʼtiboringizni ushbu qaror mohiyatiga kengroq nazar tashlashga, uning katta siyosiy va ijtimoiy ahamiyatiga qaratmoqchi edim. Albatta, ushbu hujjatda koʻzda tutilgan chora-tadbirlar – opa-singillarimizning himoyasini jiddiy kuchaytirish va gender tengligini amalda taʼminlashga qaratilgan navbatdagi katta qadam.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining olib borayotgan gender siyosatida juda katta masala – ijtimoiy adolatni qaror toptirish va barqaror taraqqiyotni taʼminlash vazifasi yotibdi. Xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash boshqa jiddiy ijtimoiy masalalar - oila mustahkamligini taʼminlash, barkamol avlodni tarbiyalash, ona va bola salomatligini mustahkamlash kabi vazifalar yechimini osonlashtirishi aniq.

Shulardan kelib chiqib, gender tengligini taʼminlash siyosati izchil davom ettiriladi.