Qayd etilishicha, ayrim hududlarda yomgʻir vaqti-vaqti bilan yogʻsa, mamlakatning shimoliy hududlarida yogʻingarchilik yomgʻir va qor koʻrinishida boʻlishi mumkin.

Gidrometeorologik maʼlumotlarga koʻra, havo harorati kunduz kunlari asosan 12–17 daraja iliq atrofida boʻladi. Hafta oʻrtasiga kelib esa harorat 8–11 daraja iliqqacha pasayishi kutilmoqda. Kechalari havo harorati 7–10 daraja iliqni tashkil etib, hafta oʻrtasida 3–6 daraja iliqqacha tushadi.

Toshkent shahrida bugun kechqurun yomgʻir yogʻishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi havo harorati 14–16 daraja iliq boʻladi. 10–13-fevral kunlari poytaxtda ham vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Havo harorati kunduzi 11–16 daraja iliq atrofida saqlanadi, 11-fevral kuni esa 8–10 daraja iliqqacha pasayishi mumkin. Kechalari harorat 8–10 daraja iliqdan 3–5 daraja iliqqacha oʻzgarib turadi.

Shuningdek, 10–13-fevral kunlari respublika boʻyicha baʼzi joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻlishi, togʻ oldi va togʻli hududlarda esa yomgʻir va qor koʻrinishida kuzatilishi kutilmoqda.

Ayrim hududlarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayishi, 10-fevral kuni esa baʼzi joylarda 20–23 m/s gacha yetishi mumkin.