Oʻzbekistonda ham neandertal odam yashagan — OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi

    Fan 5 Fevral 2025 1365

    Har yili 4-fevralni antropolog olimlar “Neandertal kuni” sifatida nishonlaydi.

    Bu sana 1857-yilda Bonn shahrida boʻlib oʻtgan Quyi Reyn tabiatshunoslar va shifokorlar jamiyati majlisida ilk bor neandertal odamining qoldiqlari taqdim etilganiga bagʻishlangan. Ushbu antropologik topilma Germaniyaning Neandertal vodiysida topilgan va keyinchalik ilmiy jihatdan neandertal odamining mavjudligini tasdiqlovchi eng muhim dalilga aylangan edi.

    OʻzR FA Milliy arxeologiya markazi Neandertal odam suyaklari Oʻzbekistonda ham topilganini eslatib oʻtdi.

    Ulardan eng ahamiyatlisi Teshiktosh topilmasidir. 1938-yilda A.P.Okladnikov tomonidan Teshiktosh gʻoridan 8–10 yoshli neandertal bola suyak qoldiqlari topilgan.

    Eng qiziq tomoni shundaki, bolaning qoldiqlari togʻ echkisi shoxlari bilan oʻralgan holda koʻmilgan. Bu esa, tadqiqotchilar fikriga koʻra, neandertallarning diniy tasavvurlarga ega boʻlganini koʻrsatadi.

    Qoldiqlar 70–50 ming yil oldin yashagan neandertalga tegishli boʻlib, suyaklarning antropologik tahlili uning tipik neandertal qiyofasiga ega boʻlganini tasdiqlagan.

    Neandertal odam suyaklari topilgan yana bir yodgorlik Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Angalak gʻoridan ham topilgan. Bu yerda R.X. Suleymanov va M. Glantz tomonidan 2002-2005-yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida oyoq kaftining metatarsal suyagi (oyoq suyaklaridan biri) aniqlangan.

    Ushbu topilma neandertallar Oʻrta Osiyo hududida doimiy yoki mavsumiy yashaganligini tasdiqlaydi va ularning migratsiya yoʻnalishlari haqida yangi maʼlumot beradi. Ushbu tadqiqotlar oʻlkamizning neandertallar yashagan eng sharqiy chakkalaridan biri boʻlganligini yana bir bor tasdiqladi.

    Oʻzbekiston hududi bilan bogʻliq uchinchi oʻziga xos topilma Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududidagi Obi-Rahmat gʻoridagi neandertal va Homo sapienslarning aralashish populyatsiyasidan tugʻilgan gibrid turga tegishli.

    Obi-Rahmat gʻori neandertal va zamonaviy insonlar oʻrtasidagi gibridlashuv haqida eng muhim dalillardan biriga ega. Bu yerda topilgan inson suyaklari neandertallarga ham, Homo sapiens vakillariga ham xos boʻlgan belgilarni namoyon qiladi.

    Ushbu topilma neandertallar faqatgina yoʻq boʻlib ketmaganini, balki ayrim hududlarda Homo sapiens (zamonaviy odam) bilan genetik aralashuv natijasida yoʻqolib ketganini tasdiqlaydi.

    Neandertallar Yevropa va Osiyo boʻylab yuz ming yillar davomida yashagan, lekin 40 ming yil oldin ularning soni keskin kamayib, keyinchalik butunlay yoʻq boʻlib ketgan. Ularning yoʻqolishiga sabab sifatida iqlim oʻzgarishi, Homo sapiens bilan raqobat yoki genetik aralashuv kabi omillar keltiriladi.

    Oʻzbekiston hududidagi Teshiktosh, Angalak va Obi-Rahmat gʻorlari ilmiy jihatdan katta ahamiyatga ega boʻlib, ular orqali neandertallar Oʻrta Osiyoning qadimgi aholisidan biri boʻlgani va ularning Homo sapiens bilan aloqada boʻlganini koʻrsatadi.

    Bugungi kunda genetik tadqiqotlar neandertallar zamonaviy insonlarning bevosita ajdodlari boʻlmasada, ular bizning evolyutsion tariximizning ajralmas qismi ekanini tasdiqlaydi.