Odatda, shifokorlar keksa yoshli insonlar tanasiga tigʻ tekkizishning oʻzi juda nozik jarayon ekanligini aytishadi. Yurak sohasidagi jarrohlik amaliyotlari esa oʻta murakkab va anchayin xavfli. Shu bois, hatto mazkur sohada peshqadam boʻlgan Yaponiya va Germaniya davlatlarida ham bunday operatsiyalar kamdan-kam oʻtkaziladi.

Xoʻsh, oʻzbekistonlik shifokorlar bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi?

Hamma gap Rossiyaning A. N. Bakulev nomidagi yurak -qon- tomir jarrohligi markazida ishlab kelgan va 2017-yilda Sogʻliqni saqlash vazirligi taklifi asosida yurtimizga qaytgan malakali kardioxirurg, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekovning mahoratida.

Bemor otaxonimizga kelsak, ismi — Yoqub Mahmudov. 90 yoshda. Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan. Koʻp yillardan beri gipertoniya va yurak ishemik kasalliklaridan aziyat chekadi. Qon bosimi 190 gacha koʻtarilib ketishi kuzatilgan. Infarktni boshdan oʻtkazgan.

Buning ustiga, shu yilning mart oyida koronavirusga chalinib, muolaja olgan. Ammo koʻp oʻtmay yurak sohasida ogʻriqlar yanada zoʻrayib, ahvoli yomonlashgach, Rustam Yorbekov va uning jamoasiga murojaat qilgan.

— Biz, kardioxirurglar bu yoshdagi bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazishni qumdan imorat tiklashga oʻxshatamiz, — deydi professor. — Negaki, yurak operatsiyasi chogʻida favqulodda buyrak, jigar, miya va boshqa aʼzolar xuruj qilib qolishi mumkin. Shu sababli Oʻzbekistonda yaqin yillargacha bunday holatdagi bemorlar hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan. Endi esa nafaqat poytaxt, balki qator viloyatlar markazlarida ham shunday murakkab operatsiyalarni oʻtkazyapmiz.

Chinozlik otaxon ham bu klinikaga shoshilinch olib kelindi. Dastlab unda koronarografiya amaliyoti oʻtkazildi. Soʻng bemorning yurak-qon tomirlarida kuchli zararlanish ham aniqlangach, kuni kecha aorta-koronar shuntlash operatsiyasi bajarildi. Hozir Yoqub boboning ahvoli yaxshi. Tekshiruv va tahlil natijalari, qon bosimi meʼyorida, puls stabil holatda.

Rustam Yorbekovdan bu operatsiyaning murakkabligi nimada ekanligini soʻraymiz. Shifokor esa, jaydari qilib, avvalo, bemorning keksa yoshdaligi, qolaversa, infarkt oʻtkazgani hamda yurak ishemik kasalligi tufayli tomirlarida zararlanish kuchaygani, boz ustiga, yurak kattalashib, qisqarishlar miqdori pasayib ketganligini tushuntiradi.

— Soʻnggi paytlarda kuniga ikki martalab “Tez yordam” chaqirishimizga ham toʻgʻri kelgandi, — deydi Yoqub ota Mahmudov. — Yuragimni kuchli sanchiq bezovta qila boshlagach, oʻgʻlim shu yerga olib keldi. Mana, koʻrib turganingizdek tetikman, kayfiyatim ham aʼlo. Operatsiyaning ertasi kuniyoq holatim yaxshilandi. Rustamjon Yorbekov va uning jasoratli jamoasidan juda-juda minnatdorman.

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.