Oʻzbekistonda ilk bor adsorberlar ishlab chiqarilmoqda

    Oʻzbekistonda birinchi marta “Oʻzbekkimyomash” zavodida xalqaro standartlarga mos adsorberlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

    Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, mazkur qurilma zavodlarda tabiiy gazni tozalashda muhim ahamiyatga ega boʻlib, ilk mahsulot Shoʻrtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berildi.

    Adsorber – tabiiy gazni oltingugurt birikmalaridan tozalashda ishlatiladi. Ular diametri 3 metr, devorining qalinligi 100 mm va uzunligi 19 metr boʻlgan ulkan kolonna boʻlib, 63 atmosfera bosimiga bardosh beradi. Ushbu gigant qurilmaning vazni 147 tonnani tashkil qiladi va u 09G2S-12 GOST 5520-17 standartiga muvofiq yuqori sifatli poʻlatdan tayyorlanmoqda.

    Adsorbsiya jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi:

    • Adsorbsiya: gazni tozalash.
    • Regeneratsiya: tozalovchi moddalarni qayta tiklash.
    • Sovutish: qurilmani keyingi siklga tayyorlash.

    Mahalliy ishlab chiqarilgan adsorberlar tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurt birikmalarini tozalash samaradorligi va xizmat qilish muddati yuqori boʻlib, yana 8 ta qurilma Shoʻrtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib beriladi.

    Adsorberlar oldin xorijdan olib kelingan boʻlib, mahalliylashtirish dasturi doirasida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilishi ularning tannarxini ikki barobar arzonlashtirish imkonini berdi.

    Ushbu mahalliylashtirish dasturi doirasida “Oʻzbekkimyomash” zavodida 1200 nafardan ortiq malakali mutaxassis ish bilan taʼminlandi.

    Maʼlumot uchun: Zavod yiliga 20 taga yaqin adsorber ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.