Ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini mahalliylashtirishni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 25 Sentabr 2022 1637

    Joriy yil 24-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida konferensaloqa tarzida importni optimallashtirish hamda tarmoqlararo va hududlararo sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda vazirliklar va idoralar, tarmoq birlashmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tasdiqlangan dasturga muvofiq joriy yil oʻtgan davrida mahalliylashtirish dasturi doirasida 24,3 trillion soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgani qayd etildi. Elektron kooperatsiya portali orqali 7,9 trillion soʻmlik 36,6 mingta hamkorlik shartnomalari imzolandi, ular doirasida bugungi kunda 3,7 trillion soʻmlik mahsulot toʻliq yetkazib berildi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Fargʻona, Andijon va Xorazm viloyatlarida oʻtkazilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari davomida 2,8 trillion soʻmlik 6,3 mingta shartnoma imzolandi va 220 ga yaqin texnik hamkorlik memorandumlari imzolandi.

    Shu bilan birga, mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, mamlakatimizda analoglari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar importini kamaytirish, elektron kooperatsiya portali orqali tuzilgan shartnomalar shartlarini bajarish, shuningdek yirik sanoat korxonalarida importga bogʻliqlik darajasini pasaytirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar konstruktiv tarzda muhokama etildi.

    Tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlarining masʼul rahbarlari yuqoridagi barcha yoʻnalishlar doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda yaqin va oʻrta muddatli istiqboldagi rejalari toʻgʻrisida batafsil hisobotlarni taqdim etdilar. Ularga kamchiliklarni bartaraf etish va oʻz vaqtida mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish, 2023-2024-yillarda tarmoqlar va hududlar kesimida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Alohida tartibda joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.