Mazkur bozor mamlakatimiz iqtisodiy rivoji, sanoat tarmoqlaridagi ishlab chiqarish quvvatining karrasiga oshishi hamda eksport hajmi oʻsishida muhim omildir. Yaʼni oʻz mahsulotlarimizni dunyoning deyarli barcha mamlakatiga sotish imkoniyatiga ega boʻlamiz.

Faqat buning uchun mahsulotlar sifati, yetkazib berish tartib-qoidalari ham xalqaro talablar, standartlarga mos kelishi kerak. Ayniqsa, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat, jahon bozoridagi raqobat muhiti, narx-navo tebranishlari sharoitida xalqa­ro sifat va standart koʻrsatkichlariga talab yanada ortmoqda. Eksport hajmini oshirish­ni istagan davlatning esa ana shu talablarga moslashishiga toʻgʻri keladi.

Keyingi sakkiz yil tahlil qilinsa, mam­lakatimizdagi barcha sohada ishlab chiqarish quvvati ham, eksport hajmi ham keskin oshib borayotgani yaqqol koʻzga tashlanadi. Birgina oziq-ovqat eksporti joriy yilning yarim yilligida 44 foiz oʻsib, 1 milliard 326 million dollar boʻlgani fikrimiz isboti­dir. Sanoat tarmoqlarida eksport koʻrsatki­chi yuqorilab, geografiyasi kengayib boryapti. Bu yurtimizda eksportni rivojlantirish harakati ibtidosi sifatida tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish, mahalliy va jahon bozori talablarini oʻzaro uygʻunlash­tirish, xalqaro sifat tizimlarini joriy etishga katta eʼtibor qaratilayotgani bilan ham bogʻliq.

Keyingi yillarda mamlakatimizda oʻnlab xalqaro standartlar joriy etildi. Xorijiy standartlashtirish tashkilotlari bilan mun­tazam litsenziya shartnomalari imzolanyapti. Ularning 30 dan ortiq (ISO, IEC va MGS) texnik qoʻmitasiga aʼzo boʻlindi. Yevropaning GSP+ dasturiga ham qoʻshildik. Bu saʼy-ha­rakatlar, birinchi navbatda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini xalqaro, xu­susan, Yevropa standartlariga moslashtirish orqali eksport hajmini oshirish, oʻzbek bren­dining dunyo bozorida munosib oʻrin egalla­shini taʼminlashga qaratilgan.

Bu jarayonlarda, xususan, yangi Oʻzbekis­tonning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlani­shida boshqa sohalar qatori texnik jihat­dan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalari muhim oʻrin tuta boshladi. Keyingi yillar­da mazkur sohalarda izchil islohotlar olib borilayotgani boisi shunda. Jumladan, Oʻzbe­kiston Milliy metrologiya instituti fao­liyatida eksportbop mahsulotlarni jahon standartlariga muvofiq tekshirish, metro­logik jihatdan va xalqaro darajada eʼtirof etilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilning dastlabki olti oyida institut tomonidan milliy etalonlar baza­sini rivojlantirish, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mamlakat boʻylab sifatli metrologiya xiz­matlarini koʻrsatish singari qator muhim loyihalar hayotga tatbiq etildi. Mazkur davrda 6 ta yangi etalon xarid qilinib, ins­titutdagi etalonlar soni 35 taga yetkazildi. Yil oxiriga qadar umumiy qiymati 70,7 milliard soʻmga teng 9 ta yangi etalon xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu etalonlar­dan nafaqat yurtimiz, balki mintaqaviy miqyosda ham keng foydalaniladi.

Yevropa tashkilotiga aʼzolik

Bu oʻrinda sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini oʻrganish, xalqaro meʼyorlarga moslashtirish, oʻlchash vositalaridagi aniqlikni taʼmin­lash haqida gap boryapti. Masalan, standart bu — har bir mahsulotga qoʻyiladigan meʼ­yoriy sifat talabi. Standartlashtirish esa barcha mahsulot turi, rusumlari, parametrla­ri, oʻlchamlari va sifati boʻyicha hamda ishlab chiqarish texnologiyasi, sinash va nazorat qi­lish uslubi, mahsulotni joylash, rusumlash, saqlash va boshqalarga meʼyoriy birlik oʻrna­tishni anglatadi.

Mahsulot yoki xizmat koʻrsatish sifatini taʼminlashda oʻlchash qurilmalari sozligi nazorati ham muhim oʻrin tutadi. Masalan, tarozini olaylik. Ishlab chiqaruvchining zavodda notoʻgʻri ishlaydigan tarozidan foy­dalanishi nafaqat mahsulot hajmi, balki sifatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ish­lab chiqarish jarayonida tarozidagi xatolik sabab koʻproq xomashyo qoʻshilib, kam mahsulot tayyorlansa, bundan tadbirkor jiddiy zarar koʻradi. Yoki aksincha, kam xomashyo ishlatib, koʻp mahsulot chiqarilsa, sifat buziladi va isteʼmolchiga zarar boʻladi.

Shu bois, standart talablarida oʻlchash qu­rilmalarining toʻgʻri ishlashiga oid mezon­lar bor. Bunday qurilmalarning aniqligi xalqaro bozorga chiqishda ham muhim. Eks­portyor joʻnatayotgan mahsulot hajmi impor­tyorniki bilan mos kelishi kerak. Aks hol­da, jiddiy muammolar yuzaga keladi. Oddiy misol, mahalliy bozorda ham buzuq tarozi tadbirkorga yoki xaridorga zarar keltiri­shini yaxshi bilamiz. Odatda isteʼmolchilar tarozilarning toʻgʻri oʻlchashiga shubha qila­di. Buni nazorat qilish imkoni bor-yoʻqligi bilan qiziqadi. Albatta, buning nazorati tegishli huquqiy hujjatlar bilan belgila­nib, oʻlchash qurilmalarini tekshiruvdan oʻt­kazish tartibi belgilangan.

Yurtimizda metrologik xizmat koʻrsatish darajasi son va sifat jihatidan oshib boryapti. Metrologiya ilmiy tilda “oʻlchashlar haqidagi fan” maʼnosini anglatadi. Oddiy qilib tushuntirganda, u hayotimizda uchray­digan barcha oʻlchash uskunalarining aniq­ligini oʻlchovlar orqali nazorat qiladi. Bular biz kundalik hayotda foydalanadigan maishiy hisoblagichlardan tortib, bozorda­gi tarozilar, ob-havoni oʻlchash uskunalari, sanoatda qoʻllanadigan juda murakkab oʻlchov vositalari va boshqalarni qamrab oladi. Metrologiya sohasi esa oʻlchash bilan bogʻliq barcha jarayonni qonuniy va ilmiy jihatdan amaliyotda qoʻllanishini taʼminlaydi.

Bugun Milliy metrologiya instituti shu yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirib kelmoqda. Ayni paytda metrologik xizmat­larni koʻrsatish boʻyicha yurtimizdagi asosiy tashkilot sanaladi. Joriy yilning birinchi yarmida institut tomonidan 471,9 ming dol­larlik metrologiya xizmati koʻrsatildi. Bu rejadan 6,5 foiz ortiq natija boʻlib, mil­liy xizmatlar xalqaro bozorda ham talabga ega ekanini koʻrsatmoqda. Yil yakuniga qadar ushbu koʻrsatkichni 761 ming dollarga yetka­zish rejalashtirilgan.

Xizmatlarni xalqaro talablar daraja­sida koʻrsatish maqsadida laboratoriyalar infratuzilmasi bosqichma-bosqich moderni­zatsiya qilinyapti. Jumladan, mamlakatimiz hududidagi filiallarda qiyoslash va kalibr­lash laboratoriyalari akkreditatsiya doirasi­da kengaytirildi. Shuningdek, “ISO 17034” xalqaro standartiga muvofiq standart namu­nalarini ishlab chiqish yoʻlga qoʻyildi.

Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilinyapti. Xususan, Yev­roosiyo davlat metrologiya muassasalari hamkorlik tashkiloti (COOMET) doirasi­da 3 ta yangi solishtirish loyihasiga qoʻshi­lish, Xalqaro oʻlchov va tarozilar byurosi (BIPM) bazasidagi SMS qatorlar sonini 8 taga yetkazish ishlari bajarildi. Qolaver­sa, joriy yil iyunda COOMET tashkiloti­ning prezidentlar kengashi yigʻilishi ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazildi. 2024-yildan boshlab COOMETga Oʻzbekiston vakili pre­zident sifatida rahbarlik qilib kelyapti hamda tashkilot kotibiyati mamlakatimiz milliy metrologiya instituti huzurida faoliyat yuritmoqda.

Umuman, institutning keyingi yillar­dagi faoliyati xalqaro maydonda alohida eʼtirof etilmoqda. Joriy yil iyunida yana bir quvonchli xabar eʼlon qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Milliy metrologiya institutining Yevropa assotsiatsiyasi mil­liy metrologiya tashkiloti (EURAMET)ga qoʻshilish tashabbusi toʻliq maʼqullandi. Xushxabar tashkilotning Berlinda oʻtka­zilgan 19-bosh assambleyasida eʼlon qili­nib, barcha aʼzolar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. Qolaversa, institut fao­liyatining mintaqadagi yetakchi oʻrni hamda xalqaro metrologiya maydonidagi faolligi alohida taʼkidlandi.

Endi Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti yana bir xalqaro tashkilot aʼzosi boʻldi va EURAMET faoliyatida Markaziy Osiyodagi yagona hamkor tashkilot — aʼzo si­fatida ishtirok etmoqda.

EURAMET tashkiloti metrologiya soha­sidagi ilmiy tadqiqot dasturlarini amalga oshirishda katta nufuzga ega boʻlib, Yevropa­ning yagona metrologiya maydonini shakllan­tiradi. Mazkur tashkilotga qoʻshilish bizga milliy etalonlarni solishtirish loyihala­rida toʻgʻridan toʻgʻri ishtirok etish, Yevropa mintaqasida ilmiy tadqiqot hamda xodim­larning texnik salohiyatini oshirish das­turlarida ishtirok etish imkonini beradi.

Bu yoʻnalishdagi ishlarimiz milliy qo­nunchilik bilan ham mustahkamlab boril­moqda. Jumladan, shu yil 10-iyulda Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabat­lar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmi­tasi majlisida “Xalqaro metrik konven­siyaga (1875-yil 20-mayda Parijda qabul qilingan, keyingi yillardagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan) Oʻzbekiston Res­publikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi dastlabki muhokamadan oʻtkazildi. Mazkur konvensiyaning asosiy maqsadi barcha davlatlar uchun oʻlchov bir­ligini taʼminlovchi umumiy va ishonchli etalonlar tizimini yaratish, ularni xalqa­ro prototiplar bilan qiyoslash va tan olish mexanizmlarini shakllantirish orqali davlatlar oʻrtasidagi texnik hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Qonun qabul qilinsa, Oʻzbekiston Xalqa­ro tarozilar va oʻlchovlar byurosi faoliyatida toʻliq ishtirok etish, ovoz berish, nomzodlar­ni saylovga taqdim etish, laboratoriyalardan foydalanish va mutaxassislarni tayyorlashda yangi imkoniyatlarga ega boʻladi. Shuningdek, etalonlarni byuro laboratoriyalarida navbat asosida va qoʻshimcha xarajatlarsiz kalibr­lash ham mumkin. Mazkur aʼzolik mamlakati­mizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻ­lish jarayonida texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, tashqi savdo aloqalarini rivojlanti­rish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshi­rishga xizmat qiladi.

Shu kabi xalqaro harakatlar Oʻzbekiston Milliy metrologiya institutining ilmiy faoliyati uchun ham muhim. Boisi, ilmiy muassasa metrologik xizmatlar koʻrsatish, ularni xalqaro standartlar talablariga mos­lashtirish bilan birga oʻlchash yoʻnalishida ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanadi. Buning uchun institut ilmiy tadqiqot salohiyati doimiy oshirib borilmoqda. Hozir falsa­fa doktori (PhD) darajasidagi 38 mustaqil tadqiqotchi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, doktorantura va tayanch doktorantura tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Xorijiy mamlakatlarda oʻqish va malaka oshirish ishlari ham izchil­lik bilan davom ettirilmoqda.

Yuqori aniqlikda oʻlchash uskunasi

Oʻlchov vositalaridan hamma joyda foy­dalaniladi. Oʻzbekiston Milliy metrologiya institutida ana shu oʻlchash uskunalarining aniqligini tekshirib berish xizmati koʻrsa­tiladi. Bu vazifa yuqori aniqlikdagi oʻlchash laboratoriyalarida kalibrlash yoki qiyoslash usullari yordamida amalga oshiriladi. Qonu­nosti hujjatlar bilan bu jarayonning barcha­si tartibga solingan. Hukumatning tegishli qarori bilan metrologiya xizmatlarini koʻr­satishning qiyoslashlararo intervali belgi­langan boʻlib, odatda oʻlchash vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish muddati uskuna turiga qarab amalga oshiriladi. Aksariyat oʻlchash vo­sitalari uchun bu muddat bir yilda bir marta etib koʻrsatilgan. Lekin zararli sharoitlar, noqulay ob-havoda ishlatiladigan oʻlchash vo­sitalari yarim yilda bir marta tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak. Faoliyatida oʻlchash usku­nalaridan foydalanadigan ishlab chiqaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchilar qurilmaning aniq­ligini muntazam taʼminlashi lozim. Boisi, bu isteʼmolchi huquqi, mahsulot sifati, hatto inson salomatligi bilan bogʻliq masaladir. Misol uchun, tibbiyotdagi biror oʻlchash usku­nasi ishdan chiqishi bemorga notoʻgʻri tashxis qoʻyilishiga olib kelishi mumkin. Shu bois, oʻlchash qurilmalarining toʻgʻri ishlashidan, avvalo, tadbirkorning oʻzi manfaatdor. Hatto ayrim faoliyat turlarini litsenziyalashda oʻl­chash talablari belgilangan.

Institut asosan sanoat tarmoqlaridagi oʻlchash vositalarini nazorat qiladi. Oʻlchash uskunalarining aniqligini tekshirish uchun esa laboratoriyalarda etalonlardan foyda­laniladi. Aslida, etalon ham oʻlchash quril­masi. Faqat u maishiy va sanoat oʻlchash vo­sitasiga nisbatan 3, 6, 9-10 barobar aniqroq boʻlgan uskunadir. Ilmiy taʼrifiga koʻra esa etalon texnologik jihatdan murakkab, fi­zik kattalikni oʻzida hosil qilib, saqlab, uzatadigan vosita. Agar sanoat korxonasi­dagi oʻlchash qurilmasi etalon koʻrsatkichlari bilan toʻgʻri kelmasa, imkoni boʻlsa, tuzati­ladi, boʻlmasa, muomaladan chiqariladi.

Oʻlchash uskunalari turlicha boʻlgani kabi ularning aniqligini taʼminlaydigan eta­lonlar ham har xil boʻladi. Mamlakatda sa­noat rivojlangani sari etalonlarning tu­riga ham ehtiyoj oshib boraveradi. Masalan, issiqlikdan elektr ishlab chiqarish uchun tur­bina doim aylanadi, uning toʻgʻri aylanishi uchun esa tebranishni oʻlchaydigan etalon za­rur. Yoki elektrotexnika vositalarini ishlab chiqarishda akustik uskunalar boʻlishi lozim. Shunga yarasha akustika etaloni kerak va hoka­zo. Agar bunday etalonlar oʻzimizda boʻlmasa, ishlab chiqaruvchi xorijiy metrologiya xiz­matlariga murojaat qiladi. Bu ancha koʻp vaqt, katta mablagʻ talab qiladi. Boshqa jihatdan sanoatda biror oʻlchash turiga ehtiyoj boʻlmasa, narxi juda qimmat turadigan etalonni chet­dan olib kelishga zarurat ham qolmaydi.

Mamlakatimiz sanoati keyingi yillar­da keskin rivojlanib, koʻp tarmoqli yoʻna­lishga aylangani sir emas. Toʻqimachilikdan tortib, elektrotexnika, metallurgiya, tele­kommunikatsiya kabi qator sohalarda mahal­liylashtirish koʻrsatkichi ham oshib boryapti. Demak, sanoatimizda etalonlar soni va turini koʻpaytirishga zarurat bor. Shu bois, yurtimizda etalonlar sonini oshirish vazifasi belgilanib, 2030-yilgacha boʻlgan davr uchun tegishli dastur tuzilgan. Hozir Milliy metrologiya institutida 35 ta eta­lon mavjud boʻlib, 29 tasi roʻyxatdan oʻtgan. Yil oxirigacha 40 ga yaqin etalon roʻyxatdan oʻtkaziladi. Etalonlarning koʻpligi, zamona­viyligi boshqa davlatlarga ham xizmat koʻr­satish imkonini beradi. Hozir Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistonga harorat, bosim, kuchni oʻlchash boʻyicha xizmatlar koʻrsata bosh­ladik. Bu qoʻshimcha daromad keltiradi.

Institut laboratoriyasidagi etalonlar, asosan, Yevropa mamlakatlari, qisman Ros­siya, Osiyo davlatlari, AQSHdan olib kelin­gan. Mazkur etalonlardan sanoat tarmoqla­ri, turli sohalardagi oʻlchash uskunalarining aniqligini tekshirishda foydalanib kelin­moqda. Masalan, vaqtni aniqlaydigan etalo­nimizdan olingan maʼlumotlarni internet provayder, mobil operator, televideniye va boshqalarga uzatamiz. Jarayonda etalon­larning ham aniqligini taʼminlab borish talab etiladi va bu qurilmalarni xorijiy davlatlarniki bilan solishtirib boramiz.

Bunday loyihaga tarixda ilk bor mablagʻ ajratildi

2018-yilda Milliy metrologiya institu­ti tashkil etilguniga qadar etalonlar soni atigi 9 ta boʻlgan. Metrologiya xizmatlarini ham tarqoq holda 3 ta tashkilot koʻrsatgan. Etalonlar sonini koʻpaytirish, ilmiy ji­hatdan asoslash, sanoatga bogʻlash, xalqaro darajada solishtirish ishlari bajarilma­gan. Milliy metrologiya instituti tashkil etilib, barcha metrologik xizmatlar bir nuq­tada birlashtirilgach, ilmiy tadqiqotlarga ham keng yoʻl ochilayotgani ushbu yoʻnalishda yurtimizdagi katta islohotlardan biridir.

Institut olimlari bu borada doimiy iz­lanishda. Tadqiqotlar orqali etalonlarga qoʻshimchalar kiritish, foydalanishda yangi usullarni yaratish mumkin. Qolaversa, yurti­mizda birinchi marta etalonlarni mahalliy­lashtirish, yaʼni oʻzimizda ishlab chiqarish us­tida ishlanyapti. Tarixda ilk bor 7 ta etalon yaratish boʻyicha davlat byudjetidan katta mab­lagʻ ajratildi. Innovatsion rivojlantirish agentligi tomonidan ilmiy loyiha sifatida eʼlon qilinib, shundan 2 tasini instituti­miz olimlari qoʻlga kiritdi. Ayni paytda olimlarimiz ana shu ilmiy loyiha ustida ishlayapti. Unga koʻra, ikki yilda 2 ta milliy etalon yaratishimiz kerak. Ishlar Rossiya, Tur­kiya, Italiya olimlari bilan hamkorlikda ba­jariladi. Bu bilan mamlakatimizda milliy etalonni yaratish tajribasi yoʻlga qoʻyiladi. Sanoqli davlatlardagina ishlab chiqariladi­gan mazkur qurilmani yaratish orqali qoʻshni davlatlarga eksportini amalga oshirish, met­rologik xizmatlar koʻrsatish koʻlamini ken­gaytirish mumkin.

Umuman, metrologik xizmat koʻrsatish so­hasi yangi Oʻzbekistondagi islohotlar, maqsad va vazifalarga mos tarzda kengayib bormoqda. Bularni tizimlashtirish, xizmatlar sifati­ni yanada oshirish maqsadida jarayonni toʻliq raqamlashtirish, shaffoflikni taʼminlash ustida ishlanyapti. Endi tashkilot tizimi­dagi kiruvchi hujjatdan chiquvchi hujjatgacha boʻlgan oraliqdagi barcha jarayonni tadbir­korlar kuzatib borishi mumkin. Buning uchun yil boshida “E-metrologiya” platformasi joriy qilindi. Ayni paytda platforma ti­zimdagi boshqa korxona-tashkilotlar bilan integratsiya qilinib, portal sifatida tako­millashtirish ishlari davom ettirilyapti. Yil oxirigacha toʻliq ishga tushadi.

Raqamlashtirishning yana bir afzalligi, tizimdagi barcha maʼlumot bir joyda jam­lanadi. Yurtimizdagi oʻlchash vositalari, ularning turi, holati, ishlab chiqarilgan davlati, yurtimizning qaysi hududida koʻproq foydalanilayotgani boʻyicha maʼlumotlar ba­zasi shakllantiriladi. Avvallari bularning hammasi qogʻozda boʻlardi. Ularni hisoblab, tahlil qilishga ancha vaqt ketardi. Raqamlash­tirish esa bu ishlarni toʻliq yengillashtiradi.

Ushbu vazifalarning barchasi metrologik xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan. Oldimizga qoʻyilgan boshqa vazifalar ham koʻp. Xususan, joriy yil yakuniga qadar za­monaviy maxsus mobil laboratoriya xarid qilish, institutning Chirchiq filialida gaz qorishmalarini ishlab chiqarish boʻyicha in­novatsion laboratoriya tashkil etish, Chexiya­dan yuqori aniqlikdagi 14 ta oʻlchash vosita­sini olib kelish rejalashtirilgan.

Lazizbek SAIDORIPOV,

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi

Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti direktori