Ushbu hujjatlar asosida “Nasaf xcp techno” qoʻshma korxonasi tashkil etilib, loyihaga rasman start berildi.
Mazkur korxona “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi« MCHJ, Xitoyning «Yunnan Xinchengpeng Polymer Technology” kompaniyasi hamda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga aʼzo “Techno Cable Group” korxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Loyiha tafsilotlariga koʻra:
— Umumiy qiymati: 8 million AQSH dollar;
— Ishlab chiqarish quvvati: yiliga 35 ming tonna;
— Yaratiladigan yangi ish oʻrinlari: 65 ta;
— Import oʻrnini bosish hajmi: yiliga 30 million AQSH dollari.
Ishlab chiqarish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqich: Tarmoqlangan polietilen ishlab chiqarilib, sinovdan oʻtkaziladi.
2-bosqich: Galogensiz komponentlar ishlab chiqarish uskunalariga buyurtma beriladi.
Mutaxassislarning fikricha, Oʻzbekistonda ilgari mavjud boʻlmagan ushbu mahsulotni ishlab chiqarish natijasida ichki bozorning yillik 25-30 ming tonnalik ehtiyoji mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qoplanadi.
Maʼlumot uchun, tarmoqsimon polietilen (PE-X) oddiy polietilenga nisbatan ancha mustahkam, elastik va yuqori haroratga chidamli boʻlib, quyidagi sohalarda qoʻllaniladi:
— Suv quvurlari – issiq va sovuq suv tizimlarida;
— Gaz quvurlari – yuqori bosimga chidamliligi sababli;
— Isitish tizimlari – pol osti isitish tizimlarida;
— Elektr izolyatsiyasi – kabellarni himoya qilishda.
Loyihaning ishga tushirilishi import hajmini sezilarli darajada kamaytirish bilan birga, yangi ish oʻrinlari yaratish, ichki sanoat tarmogʻini mustahkamlashga xizmat qiladi, — deyiladi xabarda.