Yangi GESlarning davlat – xususiy sheriklik tamoyili asosida qurilishi investorlarga keng imkoniyatlar yaratib beradi.

Bu borada “O‘zbekgidroenergo” AJ O‘zbekistonda birinchi bor davlat – xususiy sheriklik asosida umumiy quvvati 46,6 MVt, yillik o‘rtacha ishlab chiqarishi 179 million kVt/soat va umumiy qiymati 106,9 million dollar bo‘lgan 5 ta – “Qizildaryo”, “Suvlisoy”, “Dukentsoy”, “Qamchiq” va “Quyi Ko‘ksuv” GES loyihalari yagona lot sifatida investor (xususiy sherik) jalb qilish maqsadida malaka so‘rovi tenderiga (RFQ) qo‘yilishini ma’lum qiladi.

DXSH asosida qurilishi rejalashtirilgan GESlarga Jahon banki tomonidan “Institusional salohiyatni oshirish” grant mablag‘lari hisobidan yuqori malakaga ega xorijiy maslahatchilar yo‘llandi.

Xususan, “Synergy Infrastructure and Financial Advisory Services Inc” moliyaviy maslahatchi, “Dolsar Engineering” texnik maslahatchi va “UNICASE” yuridik maslahatchi sifatida tender asosida tanlab olindi hamda ushbu kompaniyalar bilan shartnomalar imzolandi.

Mazkur kompaniyalar loyiha hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha ish olib boradi.

Tenderlar yagona lot orqali o‘tkazilishi loyihalarning amalga oshirilishini soddalashtirib, jarayonni optimallashtiradi va samaradorlik hamda shaffoflikni ta’minlashda qo‘l keladi.

Loyihalarning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligi va hayotiyligini ta’minlashda, tabiiy resurslardan to‘liq foydalangan holda eng yuqori muhandislik standartlari asosida ishlab chiqilishida, qurilish jarayonining barcha jihatini huquqiy tartibga solishda xorijiy kompaniyalarning tajribasidan foydalanilishi esa investorlar faoliyatini kafolatlashga xizmat qiladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ buyurtmachi sifatida mazkur loyihalarning ishga tushirilishida barcha manfaatdor mahalliy hamda xorijiy investorlarni tender savdolarida faol ishtirok etishga taklif qiladi.

Tender savdolari joriy yil avgust oyida lotga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Jarayon xususida jamiyatning rasmiy sahifalari orqali to‘liq ma’lumot berib boriladi.