Yosh olim 3D bioprinterlar uchun zarur boʻlgan bio-siyoh asosini mahalliy oʻsimliklardan olish usulini ishlab chiqdi.

Germaniyada oʻtalgan ilmiy stajirovka natijasida yaratilgan ushbu kashfiyot Intellektual mulk agentligi tomonidan ijobiy xulosa olgan boʻlib, hozirda patentlash jarayonidan oʻtmoqda.

— Yurtimiz olimlari inson organizmiga mos, xavfsiz va mahalliy sharoitda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan bio-siyoh yaratish ustida uzoq yillar izlanish olib borishgan. Biroq natijalar kutilgandek samarali boʻlmagan. 2024-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi eʼlon qilgan stajirovka tanlovida ishtirok etib, Germaniyaning nufuzli Leybnis universitetida bioprint texnologiyalari va gidrogellar boʻyicha yangi metodlarni oʻrgandim. Natijada inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkonini beruvchi bio-siyoh yaratildi, — deydi Olimjon Boymatov.

Yangi gidrogel tarkibi mahalliy oʻsimliklar polisaxaridlaridan iborat boʻlib, unda inson hujayralari — iMSC yashay oladi va rivojlanadi. Bu esa inson tanasiga tez moslashuvchi, xavfsiz sunʼiy aʼzolar va toʻqimalarni chop etish imkonini beradi.

Butun dunyoda millionlab insonlar organ koʻchirib oʻtkazish amaliyoti uchun navbatda turibdi. Donorlar yetishmasligi ushbu muammoning asosiy sababi hisoblanadi. Shu bois jahonda 3D bioprinterlar va bio-siyoh ishlab chiqishga boʻlgan talab juda yuqori boʻlib, ularning narxi ham ancha qimmat.

Mazkur kashfiyot kelgusida donor aʼzolariga boʻlgan ehtiyojni qisqartirishga, shuningdek, koʻplab bemorlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, u yurtimiz ilm-fani va tibbiyoti rivojida muhim qadam sanaladi.

Maʼlumot oʻrnida, 2025-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkazilgan tanlovlar natijasiga koʻra, 147 nafar yosh olim xorijda stajirovka oʻtash imkoniyatiga ega boʻladi. Ushbu stajirovkalar toʻliq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.