Oʻzbekistonda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish loyihasi amalga oshirilyapti

    Investitsiyalar 6 Mart 2024 1118

    Joriy yil 6-martda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Oʻzbekistonda investitsiya siyosatini barqaror isloh qilish boʻyicha yoʻl xaritasi” loyihasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

    Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Yevropa Ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ishtirokida amalga oshirilyapti.

    Tadbirda, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrian, OTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya, IHTT, XMK (Xalqaro moliya korporatsiyasi), OTB hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi ekspertlari ishtirok etdi.

    Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston hukumatining soʻroviga binoan, Yevropa Ittifoqi va OTBning moliyaviy koʻmagida IHTT OTB bilan birgalikda investitsiya muhitini, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar samaradorligini va ularning barqaror rivojlanish, savdo va investitsiyalar oʻrtasidagi munosabatlarga taʼsirini baholash va tahlil qilish loyihasini amalga oshiryapti. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar qiymat qoʻshilishining zanjirlari, infratuzilmani rivojlantirish, “yashil rivojlanish” va raqamlashtirishga investitsiyalar oqimini kengaytirish imkoniyatlariga taʼsiri, imtiyozlar va preferensiyalar tizimi samaradorligi va boshqa yoʻnalishlar tahlil qilinadi.

    Oʻz nutqida Laziz Kudratov Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash va investorlar manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar samaralarini taʼkidladi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Tadqiqot natijalari investitsiya muhitini yaxshilash, islohotlarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning uzoq muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga maksimal taʼsirini taʼminlash boʻyicha dalillarga asoslangan tahlil va moslashtirilgan tavsiyalar boʻlishi kutilyapti.

    Xususan, loyiha mamlakatimizga investitsiyaviy jozibadorlik indeksidagi oʻrnini yaxshilash, IHTTning “Xalqaro investitsiyalar va koʻpmillatli korxonalar toʻgʻrisida”gi deklaratsiyasiga qoʻshilish va IHTTning davlatlarining ilgʻor tajribalarini joriy etgan holda investitsiyalar sohasidagi meʼyoriy-huquqiy bazani uygʻunlashtirish imkonini beradi.

    Mazkur loyihani amalga oshirish uchun masʼul vazirlik va idoralar, jumladan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Statistika agentligi bilan birgalikda ishchi guruh tashkil etiladi.