Oʻzbekiston va OTB 100 mln dollarlik STEM loyihasi boʻyicha kelishuv imzoladi

    Osiyo taraqqiyot banki bilan Oʻzbekiston maktablarida STEM-taʼlimni modernizatsiya qilishga qaratilgan «Oʻrta taʼlimda STEM» loyihasi uchun 100 mln dollarlik kredit kelishuvi imzolandi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Shu yilning 17-noyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev Osiyo taraqqiyot banki Prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi. Uchrashuvda ISSV vazirining oʻrinbosari Akram Aliyev ham ishtirok etdi.

    Tomonlar Oʻzbekiston — OTB samarali munosabatlarining 30-yilligini qayd etib, hamkorlik natijalari va kelgusidagi yoʻnalishlarni muhokama qildi.

    Taʼkidlanganidek, hamkorlik transport, energetika, suv taʼminoti, taʼlim, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda izchil rivojlanmoqda. Oʻzbekiston tomoni aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgan loyihalardagi koʻmagi uchun OTBga minnatdorlik bildirdi.

    2026-yil may oyida Samarqandda oʻtadigan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishiga tayyorgarlik muhokama qilindi. Ushbu jarayonini muvofiqlashtirish uchun qoʻshma yoʻl xaritasini tasdiqlash taklif etildi.

    Shuningdek, moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, ayollar va yoshlar bandligini qoʻllab-quvvatlash, eksportga yoʻnaltirilgan korxonalarni ragʻbatlantirish kabi oʻrta muddatli tashabbuslar koʻrib chiqildi. Tomonlar 2026–2030-yillar uchun yangi Hamkorlik dasturi boʻyicha ham fikr almashdilar.

    Uchrashuv soʻnggida maktablarda STEM-taʻlimni modernizatsiya qilishga qaratilgan “Oʻrta taʻlimda STEM” loyihasi uchun 100 mln dollarlik kredit kelishuvi imzolandi.