“O'zbekistonda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etishning vaqti keldi”

    Shariat tizimi bizga nafaqat Allohga ibodat qilish, balki inson hayotining barcha jabhalari, xususan, iqtisodiy hayotni tartibga solish va muammolarni yechish ilmini ham o'rgatadi. Ammo islom moliyasining o'z talablari bor. Uning asosiy tamoyillaridan biri ribo (foiz) hamda g'arar (tavakkalchilik)ning taqiqlanishidir.

    Islom ta'limoti ko'p jihatdan dunyoviy ilmdan farq qiladi. Bunda qarashlar, tushunchalar, hatto aynan o'xshash yo'nalishlarda ham mazmun-mohiyat o'zgacha bo'lishi mumkin. Birgina islom moliyasini olaylik. U jahon moliya tizimining bir qismidek tasavvur uyg'otsada, aslida ularning har ikkisi tamoyillarga ko'ra, bir-biridan ajralib turadi.

    Mamlakatimizda bu boradagi tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar u qadar ko'p bo'lmagani bois, ushbu atama aksariyatimiz uchun yangi tushuncha hisoblanadi. Ammo so'nggi yillarda yoshlarimiz orasida allaqachon rivojlangan islom moliyasiga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida “Mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo'yicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi”, degan so'zlari bu borada uzoq kutilgan o'zgarishlarga debocha bo'ldi.

    Xo'sh, islom moliyaviy xizmatining o'zi nima? Uning tartib-taomili, qoidalari qanday? U oddiy moliya tizimidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Toshkent xalqaro Vestminister universitetining strategik rivojlanish va ma'lumotlar boshqaruvi bo'limi boshlig'i, Turkiyaning Istanbul universitetida islom moliyasi yo'nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan Surayyo ­SHOAMIROVA bilan kechgan suhbatimiz shu haqida bo'ldi.

    — Mendan islom moliyasi nima ekani haqida ko'p so'rashadi, — deydi Surayyo SHoamirova. — Sodda qilib aytganda, islom moliyasi islom dini talablari doirasida faoliyat yuritiladigan moliya tizimidir. Shariat tizimi bizga nafaqat Allohga ibodat qilish, balki inson hayotining barcha jabhalari, xususan, iqtisodiy hayotni tartibga solish va muammolarni echish ilmini ham o'rgatadi. Ammo islom moliyasining o'z talablari bor. Uning asosiy tamoyillaridan biri ribo (foiz) hamda g'arar (tavakkalchilik)ning taqiqlanishidir.

    Islom moliya tizimi foyda va zararni bo'lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni nazarda tutadi. Zamonaviy bank tizimidan farqli ravishda, unda foyda sherikchilikka asoslanadi. Ya'ni, bank mijoz talabi hamda moliya mahsulotlari turiga qarab asbob-uskuna, tovar, xomashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Mazkur moliyalashtirish asosida savdo amaliyoti yotadi. Demak, bank va qarz oluvchi loyiha muvaffaqiyati va samaradorligida teng huquqli bo'lib, foydaga ham, zararga ham manfaatdor sheriklarga aylanadi.

    Islom moliyasi bugunga qadar rivojlanishning 7 ta davrini bosib o'tdi. Birinchi, shakllanish davri(622–661yillar)da islom moliya tamoyillari Arabiston yarim orolida yashovchi arab­lar tomonidan qo'llanilgan. Hatto payg'ambarimiz Muhammad(s.a.v) ham vahiy kelmasidan oldin ana shu tamoyillarga muvofiq tarzda savdo qilgan. Ularning birinchi ayoli Xadicha onamiz esa savdo-sotiq qilish uchun o'z mollari bilan Shom (hozirgi Suriya) davlatiga sayohat qilgan. Foyda taqsimotiga asoslangan shartnoma asosida o'zlariga yordamchilar yollagan. Islomda “mudaraba” deb ataluvchi bu turdagi shartnoma hozir ham qo'llaniladi. Shuningdek, bu davrda mushoraka (foyda taqsimotiga asoslangan yana bir shartnoma), sarroflik (turli pul birliklarini ayirboshlash amaliyoti), murabaha (nasiya savdo), vakillik shartnomalari (qarzni bir kishidan bosh­qasiga o'tkazish) ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, o'sha vaqtlarda ribo ya'ni, foizga asoslangan moliyaviy munosabatlar avj olgan edi. Payg'ambarimiz Muhammad(s.a.v)ga vahiy kelganidan so'ng, birinchi navbatda, riboni qo'llash taqiqlangan.

    Islom moliyasi rivojlanishining ikkinchi davri (VII–X asrlar) Ummaviylar va birinchi Abbosiylar sulolasi hukmronligiga to'g'ri keladi. Bu vaqtda iqtisodiyot va moliya tizimi qishloq xo'jaligiga bog'liq holda nihoyatda rivoj­langan. Ayniqsa, savdo-sotiqning xalq orasida ommalashishi islom moliya tizimining taraqqiy etishiga xizmat ­qildi.

    Undan keyingi davrlarda islom moliyasida ba'zan o'sish, ba'zan pasayish holatlari kuzatildi. Ammo har qanday holatda ham unga bo'lgan talab yo'qolmadi. So'nggi, yettinchi davr islom moliya­sini jonlantirishdan boshlandi. Bu borada 1970 yillarda qo'yilgan qadam hozirgi davrgacha davom etyapti. Mazkur jarayonda islom iqtisodiyoti va moliyasining rivojlanish bosqichlari tahlil qilinib, ayni kunga kelib, islom bankchiligida zamonaviy innovatsiya paydo bo'ldi. Avvalgi olti bosqichda yuzaga kelgan iqtisodiy rivojlanish va siyosiy o'zgarishlar ta'sirida, nihoyat, 1960 yillarda Fors ko'rfazi davlatlarining aksariyati zamonaviy bank tizimiga o'ta boshladi. Aynan shu davrda foizsiz bankchilikka asos solindi. Keyinchalik (1970 – 80 yillar) islom banklari va korporatsiyalari tashkil etila boshlandi.

    — Islom moliyasi haqiqatan juda qiziqarli mavzu. Sizning bu sohaga ishtiyoqingiz qachon paydo bo'lgan?

    — Asli Qo'qon shahrida tug'ilib o'sganman. Oliy ta'limning bakalavr bosqichini ham Qo'qon davlat pedagogika institutining ingliz tili va adabiyoti fakul`tetida tamomladim. Ammo doim iqtisod va moliya sohasiga qiziqqanim bois, 2005 yilda Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM)ning iqtisod va menejment bo'limiga ikkinchi bakalavr yo'nalishi bo'yicha o'qishga kirdim. Bu erda o'qish juda maroqli kechar, islom bankchiligi bo'yicha ham ayrim dars­lar o'tilar edi. Hatto har bir o'tilgan fanning oxirgi ikkita darsida islom nuqtai nazaridan tushunchalar berilardi. Men uchun mutlaqo yangi bo'lgan bu ma'ruzalarni jon qulog'im bilan ting­lardim. Bu yo'nalishga shu qadar qiziqib ketdimki, hatto magistratura bosqichini islom moliyasi bo'yicha davom ettirish istagi paydo bo'ldi. Ammo bu yo'nalishda narxlar biroz qimmatligi bois, hujjatlarimni Malayziya xalqaro islom universitetining an'anaviy moliya yo'nalishiga topshirdim.

    Bakalavr bosqichida moliya fanidan dars bergan ustozim hujjatlarimni an'anaviy moliya yo'nalishiga emas, balki islom bankchiligi va moliyasi fakul`tetiga topshirishni tavsiya qildi. Undan buning sababini so'raganimda, “O'zbekis­tonning aksariyat aholisi musulmon, ammo sizlarda bu yo'nalish hali u qadar rivojlanmagan. Bu sohani siz kabi talabalar o'rganib, o'z mamlakatida rivojlantirmasa, kim rivojlantiradi?” deb javob bergan edi. O'shanda domlamning maslahatiga kirib, hujjatlarimni shu bo'limga topshirdim va, buni qarangki, grant asosida o'qishga qabul qilindim. Ta'lim so'ngida o'zim niyat qilganimdek, O'zbekistonda islom bankchiligini tashkil etish mavzusida ilmiy ish qildim.

    Magistratura bosqichini tugatgach, oradan bir muddat o'tib, 2017 yilda Turkiyaning Istanbul universitetiga doktorantura bosqichiga o'qishga kirdim. Hozir “Islom moliyasi mahsulot va xizmatlari muhandisligida ribo (foiz)ning yashirin holati” mavzusidagi ilmiy ishim bilan bandman.

    — Ayol kishi uchun ilmni davom ettirish, ayniqsa, xorijda Phd qilish oson emas. Bu jarayonda turli qiyinchiliklar bo'lishi tabiiy...

    — Menimcha, kishida birinchi navbatda, kuchli ishtiyoq va intilish bo'lishi kerak. Chunki ilmiy ish qilish haqiqatan ancha qiyin jarayon. Bunda inson, asosan, yakka holda ishlaydi. Hech kim qo'lingizga tayyor narsani olib kelib tutqazmaydi. Sizga rahbarlik qilayotgan ustoz ham faqatgina yo'nalish beradi. Qolgan barcha ishni tadqiqotchining o'zi amalga oshirishi kerak.

    Odam nimagadir erishishi uchun, avvalo, maqsadni to'g'ri olishi va unga tomon og'ishmay harakat qilishi lozim. Ilmda ham shunday. Biz nima istayotganimizni to'liq anglab etmagunimizcha biror narsaga erisha olmaymiz. Asosiysi, inson o'zi qilayotgan ishidan zavqlanishi va o'zi uchun motivatsiya yarata olishi kerak.

    Bu jarayonda oila a'zolari, yaqinlarning qo'llab-quvvatlashi ham muhim ahamiyatga ega. Oilamizda islom moliyasi yo'nalishida o'qigan yoki shu sohada faoliyat yuritgan kishilar bo'lmagan. Shunga qaramay, ota-onam va yaqinlarim meni doim qo'llab-quvvatlab keladi. Ularning ishonchi menga yanada ko'proq rag'bat beradi.

    Bu borada ustozlarimning ham yordami katta ekanini alohida ta'kidlashim joiz. Malayziyada o'qigan kezlarim menga tahsil bergan ustozlarim — professorlar Mustafo Umar, YUnus Sualhi, Kameel Mideen Meeradan nihoyatda minnatdorman. Ayni paytda ilmiy ishimga rahbarlik qilayotgan ustozim Mehmet Sarachga ham hurmatim baland. U menga barcha masalalar, xususan, Turkiya banklaridan ma'lumotlar olishimda doim yaqindan yordam berib keladi.

    — Bugun O'zbekistonda ham islom moliyaviy xizmatlariga qiziquvchi yoshlar soni ortib bormoqda. Mazkur sohada sifatli ta'lim olish istagidagi o'g'il-qizlar uchun qaysi xalqaro oliy o'quv yurtlarini tavsiya eta olasiz?

    — Islom moliyasi islom huquqshunosligi doirasida barcha islom banklari faoliyatini tartibga soluvchi asosiy soha bo'lib, uning o'tgan o'n yillik ichidagi o'sish sur'ati dunyo bo'ylab bu sohada bilim olish va ilmiy izlanishlar ustida ishlashga bo'lgan qiziqishning keskin oshishiga sabab bo'ldi.

    Bugun Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari Turkiya universitetlarida bakalavr, magistr va doktorlik darajalarini olish imkoniyati Bahrayn, Saudiya Arabistoni yoki Iordaniya oliy o'quv yurtlaridagiga qaraganda yuqoriroq. Bu borada, ayniqsa, Istanbul universiteti, Istanbul Sabahattin Zaim hamda Sakarya universitetlari juda mashhur. Vaqf asosida moliyalashtiriluvchi Istanbul Sabahattin Zaim universiteti islom moliyasi bo'yicha taniqli olimlar ma'ruzasi va mahorat darslaridan bahramand bo'lish imkoniyati, turli sertifikatlangan dasturlar taqdim qilish hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etishda ham etakchi hisoblanadi.

    Qatar va Birlashgan Arab Amirligida ham islom moliyasi yo'nalishida ta'lim beradigan bir nechta oliy ta'lim muassasalari mavjud. Qatardagi Hamad Bin Khalifa, BAAdagi Emirates Institute for Banking and Finance Studies va Hamdan Bin Mohammed Smart universitetlari islom moliyasi bo'yicha bakalavr, magistr darajasi, shuningdek, ta'lim sertifikati taklif etuvchi nufuzli muassasalardan hisoblanadi. Mazkur OTMlarning barchasida ta'lim ingliz tilida olib boriladi.

    Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida esa Malayziya islom moliyasi ta'limi markazi hisoblanadi. Bu erdagi eng taniqli ta'lim muassasalari qatoriga Xalqaro islom moliya ta'limi markazi (INCEIF), Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM) huzuridagi Islom bank ishi va moliyasi instituti (IBFIM) hamda shariat masalalari bo'yicha Xalqaro tadqiqot akademiyasi (ISRA)ni kiritish mumkin.

    Hozirda Islom banklari nafaqat musulmon o'lkalar, balki musulmon aholisi 5 foizni tashkil qiladigan davlatlarda ham rivojlanib bormoqda. 1975 yilda ish boshlagan Islom hamkorlik tashkilotining ixtisoslashtirilgan yirik tuzilmasi — Islom taraqqiyot banki jahonning ko'plab davlatlarida moliyalashtirish ishlarini olib boradi. O'zbekistonning mazkur tuzilma bilan hamkorligi 1991 yillardayoq boshlangan. O'shanda Islom taraqqiyot banki Buxoro shahridagi bir qator tarixiy obidalar rekonstruksiyasi uchun grantlar ajratgan.

    Mazkur hamkorlik aloqalari yildan-yilga rivojlanib bordi. O'zbekiston 1996 yildan Islom hamkorlik tashkiloti, 2003 yildan Islom taraqqiyot bankining to'laqonli a'zosiga aylandi. Bundan uch yil oldin Islom taraqqiyot banki hamda O'zbekiston hukumati o'rtasida 2018-2021 yillar davomida 1,3 milliard AQSH dollar miqdorida mablag' ajratiladigan hamkorlik strategiyasi imzolandi. Mazkur strategiya asosida amalga oshiriladigan moliyalashtirish mamlakat hayotining barcha sohalari, xususan, qishloq xo'jaligi, uy va yo'l qurilishi, ta'lim va boshqa tarmoqlarni qamrab olishi belgilandi.

    Bugun mamlakatimizda islom tashkilotlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o'rnatilgan bo'lsada, islom moliya xizmati biz uchun nisbatan yangi yo'nalish hisoblanadi. Bilasizmi, men islom moliyasini o'rganish barobarida doim bu tizimni yurtimizda rivojlantirishni orzu qilaman. Tan olishimiz kerak, ko'p yillar davomida bizda bunday sharoit deyarli bo'lmagan. Shu bois, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida islom moliyaviy xizmatlarini joriy qilish uchun huquqiy bazani yaratishning vaqti kelgani borasidagi so'zlari meni nihoyatda to'lqinlantirdi. Bu, albatta, katta ishning boshlanishi. Men kabi ko'plab yoshlar endilikda islom moliya xizmati yo'lga qo'yilishini orziqib kutmoqda. Hozirda bir qator banklar o'z darchalarini ochish ustida ish olib bormoqda.

    Amaliy jihatdan olib qaraydigan bo'lsak, mamlakatimizda islom moliya xizmatlarini tashkil etish zaruriy ehtiyojga aylanayotganini ko'rish mumkin. Boisi, bank xizmatlari, kredit olish masalalarida ham insonlarning istak­lari turfa xil. Islom moliyasini joriy etish esa odamlarning tanlov imkoniyatlarini oshiradi.

    Albatta, bu o'z-o'zidan sodir bo'ladigan jarayon emas. Islom moliyasini tashkil etish va rivojlantirish uchun mobil bank xizmatlari, mijozlar va bank xodimlarining islom moliyasi negizlari hamda mahsulotlari haqidagi tushunchalari, an'anaviy banklar bilan sog'lom raqobatni amalga oshirish kabi muhim jihatlar to'g'risida ham chuqur o'ylashimiz kerak bo'ladi.

    Mazkur tizimni yurtimizda joriy etish va ommalashtirishda shubhasiz, xorijda tahsil olib, yangi g'oyalar, ilg'or tajriba va innovatsiyalarni olib kelayotgan yoshlar, bilimga chanqoq, yuqori intellektual salohiyatga ega o'g'il-qizlarning hissasi katta bo'ladi. Zero, mening ham asosiy maqsadim islom moliyaviy xizmatlarini O'zbekistonda rivojlantirib, amalda qo'llanilishiga o'z hissamni qo'shishdan iborat.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.