O‘zbekistonda ispan tilini o‘rgatish bo‘yicha Ispaniya taʼlim dasturlarini joriy etiladi

    O‘zbekiston elchixonasida Ispaniya Taʼlim va kasbga o‘qitish vazirligi hamda Taʼlimni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Unda O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida o‘rta maxsus va oliy taʼlim yo‘nalishlarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Bo‘lib o‘tgan muzokaralarda xorij tomoni ispan tilini o‘qitishni O‘zbekiston maktablarida, xususan, birinchi galda iqtidorli o‘quvchilar tahsil olayotgan Prezident maktablarida ikki tilli bo‘limlar dasturi, chet tili o‘qituvchilarning yordamchilari dasturi, Ispaniya talim va kasbga o‘qitish vazirligining resurs markazlari faoliyatini joriy qilish orqali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.

    Hozirgi kunda ushbu taʼlim dasturlari Lotin Amerikasi, AQSH, Yevropa mamlakatlari, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlar maktablarida keng joriy qilingan.

    Ispan tili dasturlari joriy qilingan maktablar boshqa taʼlim muassasalariga nisbatan mavqei yuqori bo‘lib, iqtidorli o‘quvchilarga milliy shahodatnoma bilan birga Ispaniya shahodatnomasi taqdim etiladi. Dasturda ishtirok etgan maktablarda Ispaniya tili va madaniyati burchaklari va muzeylari bilan taʼminlanadi.

    Ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalarini muhokama qilish maqsadida joriy yilning 24-27 aprel kunlari O‘zbekistonga ishchi safar bilan borayotgan Ispaniya delegatsiyasi dasturidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalar agentligi rahbariyati bilan muzokaralar olib borish hamda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Prezident maktablari faoliyati bilan tanishish o‘rin olgan.

    O‘z navbatida, Ispaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini samarali tashkil qilishda elchixona tomonidan yordam ko‘rsatilishi taʼkidlandi.