Unda mamlakatda kambagʻallik darajasi va uni oʻlchash hamda bu boradagi muammo va toʻsiqlar haqida gap boradi. Jumladan, ayni paytda mamlakatda amalda boʻlgan kambagʻallikni jon boshiga kunlik isteʼmol qilinishi lozim boʻlgan kaloriyalar qiymatiga asoslangan holda oʻlchash uslubi – oziq-ovqat kambagʻalligi darajasining oʻlchovi boʻlib, bu uslub odatda daromad darajasi oʻrtacha koʻrsatkichning quyi qismida boʻlgan mamlakatlar uchun qoʻllanilmasligi taʼkidlanadi.
Shu sababli endilikda undan siyosatni shakllantirish jarayonidagi vosita sifatida foydalanish mumkin emasligi, bundan tashqari, maʼlumotlar toʻplash va kambagʻallik darajasini oʻlchashning amaldagi metodologiyasi xalqaro darajada taqqoslash oʻtkazish imkonini bermayotganligi aytiladi.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, ayni paytda mamlakatga quyidagi imkoniyatlarni yaratadigan yangi yondashuvlar sinovdan oʻtkazilmoqda:
– oʻta kambagʻallik darajasini xalqaro darajada qabul qilingan kambagʻallik chegarasi (kuniga 1,90 AQSH dollaridan kamroq mablagʻ hisobiga kun kechiradigan aholi ulushi) asosida hisoblash hamda kambagʻallik darajasini daromad darajasi oʻrtacha koʻrsatkichning quyi qismida boʻlgan mamlakatlar uchun belgilangan 3,20 AQSH dollariga teng boʻlgan xalqaro kambagʻallik chegarasi darajasi asosida hisoblash;
– kambagʻallikning turli jihatlarini aks ettirish maqsadida, sogʻliqni saqlash, taʼlim va uy xoʻjaliklarining daromad yoki xarajatlari kesimidagi koʻrsatkichlarni birlashtirgan koʻp oʻlchamli kambagʻallik indeksini ishlab chiqish;
– milliy kambagʻallik darajasini mamlakat uchun minimal turmush darajasining yangi qabul qilingan oʻlchovidan foydalangan holda hisoblash.
Rasmiy statistika maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Xususan kambagʻallik darajasi 2000-yildan beri ikki barobarga kamayib, 2000-yildagi 28% dan 2019-yilda 11% ga tushdi. Shu bilan birga, hududiy tengsizlik saqlanib qolmoqda va hatto yildan-yilga oshib bormoqda.
Loyiha muhokamasi 18-martga qadar davom etadi.