Unga ko‘ra, foydalanuvchi o‘tkazmani amalga oshirganida majburiy ravishda o‘tkazma maqsadini tanlashi kerak bo‘ladi. Bank sohasiga oid yangiliklar berib boruvchi “Bank va mijoz” kanalining yozishicha, hozircha ayrim ilovalarda bu talab ishga tushirilgan, ayrimlarida esa yo‘q.

Jo‘natilgan ko‘rsatmada P2P o‘tkazmalari uchun maqsadlar 16 turga ajratilgan. Ular orasida tovarlar va xizmatlar uchun to‘lov, oziq-ovqat xarajatlari, oila yoki qarindoshlarga o‘tkazma kabi toifalar mavjud.

Markaziy bank vakilining “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, raqamli xizmatlarni rivojlantirish doirasida banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar funksionalini bosqichma-bosqich yangilab borishlari mumkin. Jumladan, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda aniqlashtiruvchi parametrlar joriy etilishi mumkin.

Bunday yangilanishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, servis ishini takomillashtirish va operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlashga qaratilgan. Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi va uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.

“Foydalanuvchilardan o‘tkazmani tasdiqlashdan oldin rekvizitlarni diqqat bilan tekshirish, tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik hamda moliyaviy qarorlarni o‘ylab, shoshilmasdan qabul qilish tavsiya etiladi”, deydi Markaziy bank vakili.

Fevral oyida Markaziy bank pul o‘tkazmalarini toifalarga ajratgan holda statistik ma’lumotlarni e’lon qilgandi. 2025-yildagi P2P o‘tkazmalari bo‘yicha tahlillarga ko‘ra, 1–5 mln so‘m oralig‘idagi o‘tkazmalarning ulushi 16,8 foizni tashkil qilgan. Fuqarolar karta orqali pul o‘tkazmalaridan asosan kundalik hisob-kitoblar va o‘zaro to‘lovlar uchun foydalangan.