Ming afsuski, COVID-19ning “britancha shtamm”i yurtimizda ham ilk bor qayd etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev xabar berdi.
2010-yilda tugʻilgan poytaxtlik fuqaro oila aʼzolari bilan birgalikda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga safar qilib, 2021-yilning 23-yanvar kuni Toshkentga qaytgan.
Oʻrnatilgan tartibga koʻra, xalqaro aeroportda fuqarodan ekspress usulida test olinganda, unda musbat natija qayd qilingan. Shundan soʻng, bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tez yordam mashinasida olib kelingan. Shifoxonada oʻsha kunning oʻzida funksional-klinik tekshiruvlardan oʻtkazildi va unga COVID-19ning simptomsiz kechishi tashxisi qoʻyildi.
— SARS-CoV-2 virusi genomini oʻrganish uchun Innovatsion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markaziga yuqumli kasalliklar shifoxonasidan PZR usulida olingan 33 ta musbat natijali tomoq-burun namunasi “britancha shtamm”ni aniqlash maqsadida yuborilgandi, — deydi Bahodir Yusupaliyev. — Ushbu namunalar PZR skriningi orqali birinchi bosqich tekshiruvidan oʻtkazilgan. Natijada, ular orasida mutatsiyaga uchragan namunalar ham aniqlangan. Kuni kecha ikkinchi test bosqichida mutatsiya aniqlangan namunalardan birining genom qismlarida “britancha shtamm”ga xos boʻlgan qoʻshimcha mutatsiya mavjudligi tasdiqlangan. Bu namuna esa 10 yoshli bemor qiz bolaga tegishli ekani maʼlum boʻlgan.
Hozirda bemorning umumiy holati qoniqarli, shikoyatlari yoʻq, tegishli tibbiy standartlar boʻyicha davo muolajalarini olmoqda. Bemor bilan birga boʻlgan oila aʼzolarida manfiy natija aniqlangani sababli uy sharoitida izolyatsiyaga ruxsat berilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ana shu vaziyatdan kelib chiqib, yana bir bor aholini hushyorlikka, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni toʻgʻri va doimiy tarzda taqib yurishga, ijtimoiy masofani saqlash, qoʻllarni muntazam yuvib turish kabi kundalik odatlarni kanda qilmaslikka chaqirib qoladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Shuningdek, xabar orqali yurtdoshlarimizdan zarurat boʻlmaganda chet el safarlariga vaqtincha chiqmay turishlarini soʻraladi.