Kuni-kecha Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Bu mamlakatimizda soʻnggi yillarda maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Aytish kerakki, yurtimizda ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini keng targʻib etish orqali jamiyatda sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlar xalqimiz qalbida bugungi kunga shukronalik, ertangi yorugʻ kelajakka umid va ishonch tuygʻularini tobora kuchaytirmoqda. Bu yoʻnalishdagi islohotlar jarayonida madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlarini rivojlantirish, soha namoyondalari faoliyatini targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilgan. Joriy yilda qabul qilingan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun hamda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qator farmon va qarorlar sohani yana-da rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qonun bilan 15-aprel – Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni sifatida belgilandi.

Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: madaniyat va sanʼat xodimlari uchun nega aynan 15-aprel sanasi tanlab olindi?

Tarixga nazar tashlasak, mazkur sananing nishonlanishi 1935-yil 15-aprelda Vashingtonda 21 ta davlat rahbarlari tomonidan “Xalqaro badiiy va ilmiy muassasalar va tarixiy yodgorliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi xalqaro shartnomaning imzolanishi bilan bogʻliqligini koʻramiz. Ushbu xalqaro shartnoma uning muallifi sharafiga “Rerix pakti” deb nomlangan. Oʻsha yili Nyu-Yorkda rasmiy ramzi – tinchlik bayrogʻiga bagʻishlangan bayram ham boʻlib oʻtgan.

“Rerix pakti” madaniy boyliklarning himoyasi hamda ularga hurmat keltirish boʻyicha umumiy tamoyillarni oʻz ichiga oladi. Unga koʻra, hatto harbiy ziddiyatlar vaqtida ham madaniy meros himoyasining zaiflashuviga yoʻl qoʻyilmaydi, yaʼni ularning himoyasi harbiy zaruratlar tufayli oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Ushbu hujjat tarixiy va madaniy boyliklar himoyasi boʻyicha qabul qilingan YUNESKOning koʻplab akt va tavsiyanomalari, shuningdek, 1954-yilda qabul qilingan Gaaga konvensiyasi uchun ham asos qilib olingan.

2008-yilda esa Rossiya, Italiya, Ispaniya, Argentina, Meksika, Kuba, Latviya va Litvadagi jamoat tashkilotlari tashabbusi bilan 15-aprelni Xalqaro madaniyat kuni sifatida qabul qilish uchun saʼy-harakat boshlangan.

Endilikda har yili 15-aprel kuni mamlakatimizda ham Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan yurtimizda madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, oʻzbek milliy madaniyati va sanʼati nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh isteʼdod egalarining qobiliyati, salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuksak natijalarga erishgan yurtdoshlarimiz “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.

Bu kabi chora-tadbirlar yosh avlod ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, madaniy-maʼrifiy soha rivojlanib, milliy madaniy anʼanalarni asrash, xalq ijodiyotini targʻib qilish ishlari jonlanadi. Sohada mahoratli ijrochi va ijodkorlar, professional kadrlarni tayyorlash tizimi takomillashadi. Yetakchi xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik kengayadi, mustahkamlanadi. Milliy sanʼat anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirish hamda ularning jahon sahnasida eʼtirof etilishi uchun imkoniyatlar eshigi ochiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda madaniyat va sanʼat xodimlari kuni belgilanishi madaniy-maʼrifiy sohalarda koʻtarinkilik bilan boshlangan islohotlarning yana-da samarali boʻlishiga oʻziga xos zamin boʻldi. Zero, bu qonun sanʼat va madaniyatni yuksak qadrlagan xalqimizning oʻzligiga, umuminsoniy qadriyatlarga boʻlgan yuksak ehtiromi, sanʼat va madaniyatga oshuftaligi ifodasidir.

Baxtiyor SAYFULLAYEV,

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat

va sport masalalari qoʻmitasi raisi