Oʻzbekistonda migratsiya huquqi mustaqillik yillaridan boshlab rivojlanib, aholi migratsiyasi oʻsa boshladi va ushbu jarayonni tartibga solish va mustahkamlashga qaratilgan institutlar vujudga keldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi 4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yoʻnalishi boʻyicha “Harakatlar strategiyasi”ni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi” yurtimizda migratsiya huquqi rivojlanishining yangi davrini ochib bergan farmon boʻldi. 2017-yil Oʻzbekistonda migratsiya huquqi sohasida tub burilish va rivojlanish yili boʻldi, jumladan, passport-viza, xorijga chiqish-kirish tizimi tubdan takomillashtirildi. Pasport tizimini takomillashtirish orqali xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) rasmiylashtirish tartibini bekor qilish yuzasidan Prezident farmoni imzolandi va Farmon ijrosi asosida migrantlarimizga qulay shart-sharoit va qulayliklar yaratildi, migrantlar huquq va erkinliklari yanada mustahkamlandi, chegara va bojxona xizmatchilarining ish faoliyati yanada takomillashtirildi va turizm sohasi yanada jadal surʼatlar bilan rivojlana boshladi.

Oʻzbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulk olishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi talab qilinmaydigan, shuningdek, doimiy yashash va vaqtincha turarjoyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibini buzganlik fuqarolarni tegishli hudud va manzildan chiqarib yuborishga asos boʻlmaydigan boʻldi. Chegara nazoratidan oʻtish jarayoni muddatini qisqartirishga qaratilgan passport va chegara nazorati mexanizmini avtomatlashtirish, “elektron-darvozalar” (E-Gate) tizimi joriy etildi. Xorijdagi vatandoshlar uchun Oʻzbekistonga kelib-ketish, mamlakatda qolish, mehnat faoliyatini olib borish, investitisya kiritish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish uchun “Vatandosh” vizasi/pasporti, iqtisodiyotimizga investitsiya olib kirmoqchi boʻlgan xorijiy davlatlar fuqarolari uchun maxsus investitsion viza joriy etildi. 2020-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkka ega boʻlishda doimiy propiska mavjudliligi haqidagi talab bekor qilindi. Biometrik pasport infratuzilmasi negizida Respublika fuqarosining biometrik pasporti oʻrniga identifikatsiyalash ID-kartalarini berish tizimi joriy etildi.

Xorijga mehnat migratsiyasiga ketayotgan va xorijiy til hamda kasblar boʻyicha malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarimizga ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi. Xorijiy tillar yoki kasblarga oʻqigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan, “Labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha muvaffaqiyatli topshirilgan malaka imtihoni harajatlarini toʻlab berish, xorijga ketish uchun transport chiptalarini xarid qilishga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida subsidiya berish tartiboti yoʻlga qoʻyildi. Rivojlangan davlatlarga, jumladan, Yevropa mamlakatlari, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Kanada, Yaponiya, Avstraliyaga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga joʻnayotgan fuqarolarga ushbu mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlari qoplab beriladigan boʻldi. Toshkent shahrida Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilotning nufuzli vakolatxonasi ochildi va ushbu vakolatoxona bilan hamkorlikda 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish, mehnat migrantlarni huquq va erkinliklarini himoya qilishda kafolatlangan tenglik meʼzonlariga erishish yoʻlida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga qoʻshimcha ravishda, rasmiy ishlash yoki yashash uchun ruxsatnomasiz, norasmiy ishlash va boshqa viza sxemalari doirasida, xususan, Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketgan kishilar ham boʻlganligi xabar qilingan (Ryazantsev va boshqalar, 2021). Yana bir koʻrsatkich sifatida, Turkiya Migratsiyani boshqarish agentligi (MBR) ham, Turkiya hududida tartibga solinmagan tarzda faoliyat yuritayotgan oʻzbek migrantlarining soni 2022-yilda 7553 nafar, 2023-yil avgust holatiga koʻra esa, 4954 nafar boʻlganini qayd etganini keltirishimiz mumkin. Ushbu tendensiyalarni yanada yaxlitroq tushunish va umumiy koʻrinishga keltirish uchun Oʻzbekistonning rasmiy statistikasini Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Turkiya Respublikasi va Koreya Respublikasi milliy statistika idoralarining rasmiy statistik maʼlumotlari bilan toʻldirish alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekistondan ketgan migrantlar uchun beshta asosiy mamlakat Rossiya Federatsiyasi (1,1 million), keyingi oʻrinlarda Qozogʻiston (296 ming), Ukraina (223 ming), Turkmaniston (67 ming) va Amerika Qoʻshma Shtatlari (63 ming) boʻldi (BMT DESA, 2021). Biroq 2022-yilda Oʻzbekiston fuqarolari quyidagi asosiy mamlakatlarga doimiy yashash uchun koʻchib oʻtgan: Qozogʻiston (79,5 foiz), undan soʻng Rossiya Federatsiyasi (16,4 foiz), Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari boshqa yoʻnalishlar (2,7 foiz), Qirgʻiziston (0,7 foiz), Tojikiston (0,5 foiz) va Turkmaniston (0,3 foiz)ni tashkil etdi (OʻzStat, 2023). Aytish joizki, migratsiya masalalari oʻz ichiga faol, oʻrta yosh va yosh aholini qamrab oladi. Mutasaddi idora tomonidan tashqi migratsiyaga moyil boʻlgan aholining rasmiy statistikasi ishlab chiqiladi va chet el davlatlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan Respublika fuqarolarining doimiy monitoringi olib boriladi. Noqonuniy migratsiya asosida mehnat faoliyatini olib borayotgan aholining monitoringini yuritish va tahlil qilish murakkab, chunki bu borada bir qancha mutassaddi organlar jumladan, IIV, oʻzini oʻzi boshqarish organlariga topshiriqlar berilgan boʻlsada, aniq va muvofiqlashtirilgan statistikani yaratishda kamchiliklar kuzatiladi.

Soʻnggi besh yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha bir qancha loyihalar ishlab chiqilishi, yetuk malakaga ega mutaxassis sifatida chet el fuqarolarining Oʻzbekistonga migratsiya oqimlarini koʻpaytirdi. Birgina 2019-yilda 2639 ta korxonaga ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish uchun ruxsatnomalar, 10315 ta xorijiy fuqarolarga mehnat faoliyati tasdiqnomasi berilgan.

OʻzStat maʼlumotlariga muvofiq, 2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra, mamlakat aholisining umumiy soni 36 million kishini, migrantlar soni esa 2,3 million nafarni tashkil etib, ulardan 1,1 million nafari erkaklar va 1,2 millon nafari ayollardir. 2022-yilda migrantlar soni 2018-yilga nisbatan 21 foizga kamaydi (OʻzStat, 2023). 2020-2021-yillardagi pasayish COVID-19 tarqalishini oldini olish uchun dunyo boʻylab kiritilgan safar cheklovlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. 2022-yilda oʻzbekiston hududida roʻyxatga olingan ichki migratsiya soni 214 821 nafarni tashkil etdi, shundan 40 foizi (85,6 mingga teng) erkaklar va 60 foizi (129,2 ming) ayollardir. 2022-yilda ichki migrantlar oqimi 2018-yilga nisbatan 34,1 foizga oshdi (OʻzStat, 2023). 2022-yilda 2,3 million kishini tashkil etgan xalqaro migrantlar oqimi 2018-yilga nisbatan 20,7 foizga kamaydi: bunda 52 foizini ayollar, 48 foizini erkaklar tashkil etdi (OʻzStat, 2023). Hududiy taqsimotga nazar tashlaydigan boʻlsak, Oʻzbekiston hozirgi vaqtda qishloq joylaridan shaharlarga doimiy ichki migratsiyaning yuqori darajasini boshdan kechirmoqda. Yangi koʻchib kelganlarning 76 foizi (164,3 mingga teng) ichki va xalqaro miqyosda shaharlarda, qolgan 24 foizi (50,5 ming) qishloq joylarda istiqomat qilgan (OʻzStat, 2023) OʻzStat maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda respublikadan chet elga, boshqa manzilga koʻchib oʻtganlar soni 880 ming nafarni tashkil etgan. Xuddi shu manbaga koʻra, 2022-yilda Oʻzbekistondan ketganlar soni 2018-yilga (1,76 million) nisbatan ikki barobarga (880 ming) kamaygan. 2022-yilda immigratsiyaning gender tarkibi deyarli teng boʻldi: 53 foizi ayollar, 47 foizi erkaklar (OʻzStat, 2023). Oʻzbekistonlik migrantlar uchun ular boradigan barcha mamlakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar cheklangan boʻlsada, Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlari soni oʻzgarishining bir qancha omillari quyidagilardan iborat: birinchidan, migrantlarning asl mamlakatlaridagi umumiy iqtisodiy vaziyat va Rossiya Federatsiyasidagi ish beruvchilarning ehtiyojlari; ikkinchidan, Rossiya Federatsiyasiga kirish tartibi, roʻyxatdan oʻtish tartiblari va Rossiya mehnat bozoriga kirish; uchinchidan, mehnat bozoridagi vaziyatni tartibga solish maqsadida Rossiya hukumati tomonidan migrantlarni ishga joylashtirishga nisbatan kiritilgan cheklovlar (“toʻsiqlar”) (iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha bandlik kvotalari, patent narxi). Koʻpincha bu va boshqa omillarning yigʻindisi migrantlarning tartibga solingan va tartibga solinmagan migratsiya maqomi oʻrtasida harakatlanishiga olib keladi. Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bosh boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda Rossiya Federatsiyasida roʻyxatga olingan migrantlar va mehnat migrantlari soni COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlar tufayli qariyb ikki barobarga kamaygan. Rossiya Federatsiyasi koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 2020-yil 20-martdan boshlab rejali havo qatnovlarini toʻxtatganligi sababli, davlatlar oʻrtasida faqat charter (birinchi navbatda, chiqish) reyslar amalga oshirilgan boʻlib, pandemiya davrida koʻplab mehnat migrantlari Rossiya Federatsiyasini tark eta olmadi. Rossiya hukumati xorijiy fuqarolarning COVID-19 pandemiyasi davrida mamlakat hududida boʻlish imkoniyatini bir necha bor uzaytirdi, jumladan 2020-yilning 15-iyuniga qadar, 2020-yilning 25-dekabriga qadar, 2021-yilning 15-iyuniga qadar va soʻnggi bor 2021-yilning 30-sentabriga qadar uzaytirildi. Tabiiyki, bunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlaridan Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarining oqimi keskin kamaydi. Faqat 2021-yil 1-apreldan boshlab Oʻzbekiston fuqarolari uchun chegaralar ochildi.  OʻzStat maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda oʻzbekistonlik migrantlar oqimi 221 ming nafarga teng boʻlgan: jami immigrant oqimining 60 foizini (132,8 ming nafar) ayollar, 40 foizini (88,5 ming nafar) erkaklar tashkil etgan. Oʻzbek migrantlarining asosiy qismi shaharlardan 66 foiz (145,8 ming), qolgan 34 foizi qishloq joylardan (75,5 ming) boʻlgan (OʻzStat, 2023).

Migratsiya jarayonini muvofiqlashtirish uchun bir qancha dolzarb masalalarga yuzlanish va muammolar tahliliga yuzlanish zarur, jumladan,

Eng avvalo, mehnat bozoridagi ishchi kuchi taklifi va unga boʻlgan talab oʻrtasidagi tafovutni kamaytirish;

 Ushbu muammo va sohaga oid yangicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish;

 Noqonuniy migratsiyani va noqonuniy tashqi mehnatni tartibga solish;

 Migratsiya jarayonlarini va byurokratiyani aholi uchun soddalashtirish va aholining barcha qatlamlariga “toʻrtinchi hokimiyat” ₋ ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlarini olib borish;

 Yoshlarning sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarga tayyorligini oʻrganish va tahlil etish orqali qanchalik ijobiy taʼsir koʻrsatishning psixologik-innovatsion yechimlarini asoslash;

 Aholi turmush darajasini yana ham oshirish va ular bilan doimiy muloqot va uchrashuvlarni tashkil etish;

 Migratsiya sohasidagi davlat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash va ushbu sohani raqamlashtirishni huquqiy tartibga solish;

 Ushbu muammoni ijobiy hal etgan va migratsiya tamoyillarini muvofiqlashtira olgan rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribalarini oʻrgangan holatda yangi innovatsiyalarni hayotga tadbiq qilish;

Migratsiya masalalarini tahlil qilish va statistic maʼlumotlarni ishlab chiqish uchun tegishli davlat organlari, migratsiya bilan shugʻullanuvchu xususiy kompaniyalar va tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi, ular bilan umumiy va yakdil platforma yaratish.

Migratsiya jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha xalqaro huquqiy hujjatlar hamda migratsiya tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xorijiy davlat tajribalarini ayrim xalqaro xujjatlar va davlatlar misolida tahlil qilgan holda, migratsiya sohasida xalqaro miqiyosida tizimli ishlar olib borilayotganini yodda tutish lozim. Butunjahon migratsiya siyosati va uni amalga oshirish tamoyillari va tendensiyalari boʻyicha yagona kelishuvga erishilmagan boʻlsada, barcha davlatlar tomonidan migratsiyani tartibga solish boʻyicha yangi metodlarni ishlab chiqish va har bir mamlakat migratsiya sohasiga yangi va zamonaviy texnologiyalar va axborot-kommunikatsiya vositalarining joriy etilishi migratsiya borasidagi muammolarni hal qilinishiga muhim omil boʻlishi mumkin.

Yusuvaliyeva Raxima,

Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

“Xalqaro ommaviy huquq va davlat huquqiy fanlar” kafedrasi mudiri,

professor, yuridik fanlar nomzodi

Turgʻunboyev Otabek,

Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti,

“Xalqaro huquq” fakulteti talabasi