Toshkentda Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbus — CADI loyihasi Mintaqaviy kotibiyatining faoliyatiga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi. Seminar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi Davlat qo'mitasi tomonidan Grayfsvald universiteti (Germaniya) va Mixael Zukkov jamg'armasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, BMT agentliklari, vazirlik va idoralar vakillari hamda Qozog'iston, Turkmaniston va O'zbekistondagi CADI loyihasi Milliy kotibiyatlari a'zolari ishtirok etdi.
Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan CADI loyihasi 2017-yildan buyon Grayfsvald universiteti, Mixael Zukkov jamg'armasi va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilmoqda. O'zbekistondan tashqari Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbusning maqsadli mamlakatlari Qozog'iston va Turkmaniston bo'lib, bu mamlakatlar ham o'zining noyob landshaftlari hamda boy hayvonot olamiga ega poyonsiz cho'llari bilan mashhur. Loyiha doirasida cho'llarni asrash, saksovul plantatsiyalarini kengaytirish va transchegaraviy qo'riqlanadigan hududlar yaratish, eng muhimi, mo''tadil cho'llarning og'ir sharoitida dehqonchilik bilan shug'ullanayotgan aholini qo'llab-quvvatlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.
— Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbusi FAO bilan birgalikda ishtirok etayotgan muvaffaqiyatli mintaqaviy loyihalarimizdan biridir, — deydi O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi Davlat qo'mitasining xalqaro aloqalar va ekoturizmni rivojlantirish bo'limi boshlig'i Abduvohid Zahadullayev. — Mintaqaviy Kotibiyatning kelasi faoliyati 2012-yilda Rio-de-Janeyroda qabul qilingan BMT konventsiyalari — Cho'llanishga qarshi kurashish Konvensiyani, Biologik xilma-xillikni asrash Konvensiyani va Iqlim o'zgarishi Konvensiyani amalga oshirishga xizmat qiladi, deb umid qilaman.
Eslatib o'tamiz, 2021-yil dekabr oyida O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi binosida CADI mintaqaviy kotibiyati ofisining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
— CADI mintaqaviy kotibiyati Markaziy Osiyoda CADI loyihasi tomonidan amalga oshiriladigan barcha tadbirlarning vorisi bo'lishi kutilmoqda, — deydi CADI mintaqaviy kotibiyati koordinatori Temurbek Reimov. — Uning vazifasi bioxilma-xillikni saqlash va mo''tadil cho'l ekotizimlaridan barqaror foydalanishni qo'llab-quvvatlashdir. Hozirda tarkibimizda uchta Markaziy Osiyo a'zo davlatlari mavjud, ammo mintaqaviy Kotibiyat eshiklari global ahamiyatga ega noyob ekotizimlarni saqlash tashabbusini qo'llab-quvvatlashni istagan boshqa mamlakatlar uchun ham ochiq.
Seminar ishtirokchilari CADI mintaqaviy kotibiyatining faoliyati, ya'ni uning nodavlat tashkilot sifatidagi maqomi, tuzilishi, nizomi va kelajakdagi ish rejasi bilan bog'liq masalalarni muhokama qildilar. Bundan tashqari, moliyaviy resurslarni safarbar qilish imkoniyatlari o'rganildi.