Shisha chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhitni muhofaza qilish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish mumkin.
Shuningdek, bu chiqindilar salbiy taʼsirni kamaytirish maqsadida dunyoning koʻplab mamlakatlarida qayta ishlanmoqda. Bu esa oʻz navbatida chiqindilarni va ularning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish hamda resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Hisob-kitoblarga koʻra, yurtimizda yiliga 408 ming tonna shisha chiqindi hosil boʻladi. Bu chiqindilar qattiq maishiy chiqindilarning (10,2 mln tonna) morfologik tarkibidan 4 foizini tashkil etadi.
Maʼlumot uchun, 2024-yilda respublikamizda 14 ta korxona tomonidan 37,3 ming tonna shisha chiqindi qayta ishlangan (ushbu turdagi chiqindilarning 9 foizi).
Shisha chiqindilarga eski stakanlar, shisha idishlar, oynalar va boshqa shisha mahsulotlari kiradi. Shisha tabiatan qayta ishlanishi oson materiallardan biri hisoblanadi, chunki u juda uzoq vaqt davomida degradatsiyaga (chirib yoʻq boʻlish holati) uchramaydi. Shisha chiqindilar yigʻilganda atrof-muhitga zarar yetkazishi bilan bir qatorda, 1000-yildan ortiq vaqt davomida yerda parchalanmasdan qoladi.
Shisha chiqindilarni qayta ishlash jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Ajratish: shisha chiqindilar boshqa chiqindilardan ajratiladi.
Yuvish: shisha mahsulotlari yuvilib, tozalanganidan keyin qayta ishlashga tayyorlanadi.
Boshqa materiallar bilan aralashtirish: shishani qayta ishlash uchun boshqa xomashyo (masalan, yangi qum) bilan aralashtiriladi.
Qayta eritish: shisha eritilib, yangi shakllar (yangi shisha idishlar yoki qurilish materiallari) yaratiladi.