O‘zbekistonda patentlangan sarimsoqning yangi navi germaniyalik mutaxassislar eʼtiborini tortdi

    “Fruchtportal.de” yangi meva va sabzavotlar xalqaro savdosi onlayn-jurnalida «O‘zbekistonda sarimsoqning yangi navi patentlandi» sarlavhali maqola joylashtirildi.

    Nashrda 2022-yilda Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka ilmiy tadqiqot instituti olimlari sarimsoqning boshqa navlarga qaraganda tezroq pishadigan “Janub” nomli yangi navini patentlagani haqidagi maʼlumot oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilingan.

    «Yangi navning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, uning pishib yetish muddati nisbatan qisqa: 200-215 kun. Qolaversa, yangi nav hosildor boʻlib, 13 boshli yirik sarimsoq qiladi va sifati zamonaviy bozor talablariga toʻliq mos keladi.

    Tashish va saqlash muddati jihatidan yangi nav yaxshi sifatlarga ega», deya “Janub” navi ixtirochisi, sabzavot, Poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Bahodir Salomovning soʻzlaridan iqtibos keltiradi manba.

    Maqolada taʼkidlanishicha, agar nav sentyabr oyining birinchi oʻn kunligida qishki sarimsoq kabi ekilgan boʻlsa, uni keyingi yil mart oyining uchinchi oʻn kunligi - aprel oyining birinchi oʻn kunligida yigʻib olish mumkin.

    “Yaʼni yangi navning hosili boshqa navlarga qaraganda 20-25 kun oldin tayyor boʻladi. Bu oʻzbekistonlik eksportchilarga yangi sarimsoq hosili bilan odatdagidan deyarli bir oy oldin tashqi bozorga chiqish imkonini beradi”, deb yozadi “Fruchtportal” ekspertlari.