— Zamonaviy tibbiyot muvaffaqiyatlariga qaramay, bugungi kunda endokrin kasalliklar dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda Oʻzbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bergan maʼlumotlarga koʻra, hozirda dunyo boʻyicha 665 milliondan ortiq odam endemik boʻqoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi kasalliklari rivojlanish xavfiga ega.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, dunyoda qalqonsimon bez kasalliklarining koʻpayishi yiliga 5 foizni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, rivojlangan davlatlarda har 10-15 yilda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni ikki barobar oshib bormoqda. Ushbu muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti qandli diabetni XXI asr epidemiyasi deb eʼlon qilgan.

Bugungi kunda qalqonsimon bez kasalliklari, jumladan, diffuz boʻqoq va qandli diabet mamlakatimizda eng koʻp uchrayotgan endokrin kasalliklar sirasiga kiradi.

2020-yil 1-yanvar holatiga koʻra, yurtimizdagi endokrin kasalliklar tarkibidagi tarqalish boʻyicha:

– qalqonsimon bez kasalliklari 44,2 foiz;

– qandli diabet 41,6 foiz;

– semizlik 7,5 foiz;

– va boshqa endokrin kasalliklar 6,7 foizni tashkil qildi.

Yurtimizda qalqonsimon bez kasalliklarining tarqalishi 2017-yil bilan taqqoslanganda 2 foizga oshdi. Bu koʻrsatkich oʻsishi barcha viloyatlarda kuzatilib, ayniqsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida yuqori boʻldi.

Shuningdek, bugungi kunda Oʻzbekistonda qandli diabet bilan xastalangan bemorlar soni 270 ming nafardan oshgan boʻlib, ayniqsa, bu kasallikning eng koʻp tarqalish koʻrsatkichi Xorazm, Qashqadaryo, Buxoro, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida kuzatildi.

Shu oʻrinda aytish lozimki, qandli diabetning 2 turi rivojlanishi uchun tashqi xavf omillari orasida semizlik eng muhim omil hisoblanadi.

Mutaxassisi bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.