O'zbekistonda rahbarlar o'rinbosarlarining faoliyati baholab boriladi

    Baholash tizimi 2021-yil yakuniga qadar eksperiment tarzida amalga oshiriladi.

    Mamlakatimizda vazirliklar, davlat qo'mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo'jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini tubdan oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, so'nggi besh yilda ularning vazifalari, vakolatlari va javobgarlik sohalarini aniq belgilash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 22-iyuldagi “Vazirliklar, davlat qo'mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to'g'risida”gi qarori bilan barcha vazirlik va idora rahbarlari o'rinbosarlari o'ziga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi, natijadorligi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgar ekanligi, Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdorligi belgilab qo'yildi.

    Unga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etildi. Endilikda davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.

    Har yili ijro intizomining ahvoli yuzasidan baho berishni nazarda tutgan holda davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyati ko'rsatkichlari davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Qolaversa, baholash mezonlari va ko'rsatkichlari asosida har bir rahbar o'rinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga rag'batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari ko'riladi.

    Qarorda davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlari faoliyati har chorak yakuni bo'yicha kollegial organ yig'ilishida tanqidiy muhokama qilinib, baholanishi ham belgilab qo'yilgan. Bunda, rahbar o'rinbosarlari tomonidan faoliyat ko'rsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam ta'minlanganda — “qoniqarsiz”, 71 foizdan 90 foizgacha — “qoniqarli”, 91 foizdan 99 foizgacha — “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori bo'lganda “a'lo” deb baholanadi.

    Rahbarlar o'rinbosarlarining faoliyati ko'rsatkichlari ijrosi ustidan monitoringni amalga oshirishda asosiy e'tibor quyidagi tizimli va ustuvor masalalarga qaratiladi.

    Xususan, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida makroiqtisodiy barqarorlikni, barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks rivojlantirish va diversifikatsiyalash, shuningdek, “xufyona” iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda uning ulushini keskin qisqartirish, yangi ish o'rinlari yaratish, aholi bandligini ta'minlash, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish, aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik intilishlarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratiladi.

    Ijtimoiy sohada esa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni hududlarda to'laqonli joriy etish, ta'lim tizimini rivojlantirish, uning sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag'batlantirish, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish orqali aholining, ayniqsa, moddiy yordam va ko'makka muhtoj oilalar, kam ta'minlangan xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning real daromadlarini oshirish muhim vazifa etib belgilandi.

    Kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo'jalik sohalarida esa aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib turar joy bilan ta'minlash va farovonligini oshirish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlari, shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, oqova suv, ichki xo'jalik yo'llari va boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlashga qaratiladi.

    Mazkur hujjat bilan vazirliklar, davlat qo'mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyati ko'rsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholash tartibi to'g'risidagi nizom ham tasdiqlandi.

    Qarorda belgilab qo'yilganidek, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosarlari va maslahatchilari o'z vakolatiga kiritilgan tegishli yo'nalishlar, masalalar bo'yicha davlat boshqaruvi organlari, xo'jalik birlashmalari tomonidan strategik va ustuvor vazifalar, tasdiqlangan “yo'l xaritalari”, o'rta va uzoq istiqbolga mo'ljallangan dasturlarning samarali amalga oshirilishida ularning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda o'zaro samarali hamkorligini ta'minlash uchun ta'sirchan choralarni ko'radi.

    Davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari bir oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlangan baholashning asosiy mezonlaridan kelib chiqib, 2021-yil II yarim yilligi uchun davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyati ko'rsatkichlarini tasdiqlaydi. Joriy etilayotgan davlat boshqaruvi organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlari faoliyatini samaradorlik ko'rsatkichlari asosida baholash tizimi 2021-yil yakuniga qadar eksperiment tarzida amalga oshiriladi.

    Mamlakatimiz taraqqiyotining zamonaviy bosqichida yangi O'zbekistonni barpo etish uchun amalga oshirilayotgan shiddatli va keng ko'lamli islohotlar jarayonida mamlakatimiz oldida turgan ustuvor, strategik va dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda rahbar o'rinbosarlarining shaxsiy mas'uliyati va javobgarligini oshirish g'oyat muhim. Shu jijatdan qarorda belgilangan vazifalar ijrosini o'z vaqtida ta'minlash, uning mazmun-mohiyatini aholi orasida targ'ib qilish, tushuntirishda barchamiz faol va tashabbuskor bo'lishimiz kerak.

    Abdulla RO'ZMETOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati