Hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Gerofarm” kompaniyasi oʻrtasida Oʻzbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini hayotga joriy etish boʻyicha ishchi guruh tuzish nazarda tutilgan.

Loyihaning amalga oshirilishi qandli diabet bilan ogʻriydigan bemorlar uchun bir qator muhim dori vositalarining ommabopligini sezilarli darajada oshiradi hamda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimining ushbu dorilar importiga qaramligini kamaytirish, dori-darmon xavfsizligini taʼminlash va mamlakatda biotexnologik ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim qadam boʻladi.

Hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Rossiya ishlab chiqaruvchisiga loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilishda har tomonlama koʻmak beradi. Yaqin kelajakda tomonlar loyihani hayotga tatbiq etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar va muddatlarni oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib tasdiqlaydilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Maʼlumot uchun: “Gerofarm” MCHJ MDH va YEOII mamlakatlarida biotexnologik dori ishlab chiqaruvchilari orasida yetakchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya endokrinologiya sohasida yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qiladi. “Gerofarm” insulinlariga Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorida talab katta.