“Oʻzbekistonda shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq”— Raqobat qoʻmitasi

    Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.

    Shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023-yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha Hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

    Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliya davlatidan xarid qilishmoqda.

    Xususan, joriy yil 15-aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tn shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.
    Shundan, omborda 8 ming tn tayyor shakar va 78 ming tn xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tn xomashyo yetkazib beriladi.

    Shuningdek, ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda va birinchi bosqichida (joriy yil 1-mayga qadar) shakar ishlab chiqarish quvvatlarini oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga oshirilishi, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

    Bunda, yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda. Shuningdek, respublika aholisini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda shakar va un mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha Hukumat tomonidan zarur choralar koʻrilgan.

    Maʼlumot uchun, bugungi kunda aholiga shakar 11 500 – 14 000 soʻmdan, ayrim olis hududlarda 12 000 – 15 000 soʻmgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, Respublika aholisining yillik ehtiyojini (oʻrtacha 650 ming tn) barqaror taʼminlash uchun zarur darajada (1 mln tn) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq.