"Biznes-ombudsman devoni, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi Missiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu forum maydonida jami 500 ga yaqin, shu jumladan 350 ga yaqin onlayn formatda, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, tadbirkorlik subʼektlari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi", deya xabar bermoqda Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, forumning maqsadi, O‘zbekistonda tadbirkorlik subʼektlarining huquqlarini himoya qilishning amaldagi mexanizmlari, tadbirkorlik subʼektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish sohasidagi islohotlar, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini jadal rivojlanishida huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarning o‘rni, shuningdek, biznesga bo‘lgan bosimni kamaytirish usullarini muhokama qilishdan iborat.
Shuningdek, davlat organlarining tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuvining oldini olishda qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha chora-tadbirlar, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi”ni joriy etish, tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni sud tartibida hal etish samaradorligini oshirish, shuningdek, nizolarni muqobil usulda ko‘rib chiqish amaliyoti muhokama qilindi.
Forumning ikkinchi qismida davlat nazoratini tashkil etish sohasidagi qonunchilikdagi konseptual yangiliklarni har tomonlama ko‘rib chiqish, xususan, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar va rejalashtirilgan tadbirlar haqida so‘z bordi.
Ushbu qismda, tadbirkorlik sohasidagi davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi maʼlumotlarni to‘plash, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir natijasi bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va texnik ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.