“The Keepers” – bu bugungi kunda noyob kasb egalari, madaniy merosni asrab-avaylash va urf-odatlarni davom ettirishga bagʻishlangan insonlar haqidagi uchta qisqa metrajli hujjatli filmlar.
Mazkur filmlar qahramonlari: Alla ijrochisi Madina Bozorova, qadimiy kitoblar restavratori Shuhrat Poʻlatov va Toshkent kurantlari soatsozi Shoazim Shoabdiyev. Ochilish doirasida “Hujjatli filmlar va madaniy meros: metodologiya va amaliyot” mavzusida davra suhbati ham boʻlib oʻtdi. Davra suhbati ishtirokchilari: hujjatli filmlar yaratuvchilari Eljon Abbosov, Oleg Karpov, Aleksey Ulko, Elmira Hasanova.
Ishtirokchilar tomonidan madaniy merosni saqlash va oʻrganish uchun hujjatli filmlardan foydalanish, Oʻzbekistondagi kinoindustriyani rivojlantirish muammolari, shuningdek, oʻzbek kinoijodkorlari va hujjatli film ijodkorlarining yurtimizdagi moddiy va nomoddiy madaniy merosni saqlashdagi hissasi muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida: Toshkent kurantining soatsozi Shoazim Shoabdiyev haqidagi filmda tomoshabinga ilk marotaba eski soat mexanizmi namoyish etiladi. Kurantlarning oʻziga xosligi shundaki, soat urush boshlanishidan ancha oldin Sharqiy Prussiyadagi Allenshteyn kichik shaharchasini bezab turgan. Sovet hujumi paytida bino jiddiy zarar koʻrgan boʻlib, yiqilish xavfi tufayli uni buzishga qaror qilishgan. Biroq minora ustidagi soatni portlatmasdan olish mumkinligini mohir soatsoz serjant Aleksandr Eyzenshteyn sezgan. Keyinchalik kurantlarni uning tugʻilgan shahriga Eyzenshteyn xizmat qilgan polkdan sovgʻa qilishgan. Ular toʻrt ming kilometrdan koʻproq yoʻl bosib, Toshkentga yetkazilgan.