O‘zbekistonda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun Rossiya bankining imtiyozli mablag‘lari jalb qilinadi

    Energetika 24 Noyabr 2020 468

    “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Moskvaga tashrifi doirasida “Gazprombank” boshqaruvi raisining o‘rinbosari Aleksey Belous bilan muzokaralar o‘tkazdi.

    “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, muzokara davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan 2017–2021 yillarda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish doirasida Rossiya banki mablag‘larini jalb qilishning asosiy shartlari muhokama qilingan.

    Muzokaralarda “Gazprombank” AJ bilan 100 million dollar miqdorida oldindan moliyalashtirish va Rossiya moliya institutlari sindikati bilan birgalikda ishlab chiqilgan 180 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli kredit ajratish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Tomonlar geologik qidiruv va burg‘ilash ishlarini, shuningdek, uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturlarini amalga oshirish uchun “Gazprombank” mablag‘larini jalb etishning asosiy shartlarini belgilab oldi.