O'zbekistonda xay-tek uslubida qurilgan ilk masjid foydalanishga topshirildi

    O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi "Hasanxon qori" jome masjidi qayta barpo etildi.

    Masjidning avvalgi binosi eskiligi, torligi, kirib-chiqishdagi noqulayliklar va moslashtirilgan binoda joylashgani tashrif buyuruvchilarga qiyinchiliklar tug'dirayotgan edi.

    Zamonaviy ko'rinishda qayta qad rostlagan muhtasham masjidda esa namozxonlar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratildi.

    Maskanning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diniy ulamolar, imom-domlalar, namozxonlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Ta'kidlash kerak, mazkur inshoot mamlakatimizda ilk bor noan'anaviy, ya'ni, xay-tek uslubida qurilgan ilk masjid hisoblanadi. U bir vaqtning o'zida 4 ming nafar namozxonni o'z bag'riga sig'dira oladi. Masjid qurilishiga 2021 yilda tamal toshi qo'yilgan bo'lib, saxovatpesha homiylar hamda ko'ngilli kishilar ko'magida hashar yo'li bilan bitkazildi.

    Bino ichida shuningdek, ma'muriyat, kutubxona kabi zarur xonalar, mahalliy hamda xorijlik turist ayollar uchun tahoratxona va namozxona tashkil etilgan.

    Masjidga Najmiddin Hasanov imom etib tayinlandi.

    Muqaddas maskanning Ramazon oyi arafasida foydalanishga topshirilishi aholini behad quvontirdi.