Xususan, yillar davomida advokatlar uchun qiyinchilik tugʻdirib kelgan ekpertiza xulosasini olish masalasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 95-moddasiga advokat vakolatini kengaytirishning amaliy ifodasi sifatida ishonch bildiruvchi shaxsning roziligi bilan advokat shartnoma asosida ekspertiza oʻtkazilishiga doir advokat soʻrovini davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga yuborishi mumkinligi toʻgʻrisida norma kiritildi. Xuddi shu qonun bilan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida belgilangan advokat huquqlariga quyidagi normalar qoʻshildi:
- iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza oʻtkazilishini soʻrash;
- ekspertiza xulosasi ish materiallariga qoʻshib qoʻyilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish.
Advokatlar faoliyatida uchraydigan yana bir holat ularning sud hujjatlari bilan tanishishdagi, advokatlik soʻrovlari yuborish va ularga javob olish masalasidagi toʻsiqlardir. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 30-mayda qabul qilingan “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida “Yuridik yordam” axborot tizimini ishga tushirish orqali advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi nazarda tutilgan edi va 2023-yil 1-yanvardan ushbu tizim ishga tushirilgan.
Shuningdek, ushbu tizim orqali advokatlar elektron advokat soʻrovlarini yuborishlari mumkin va advokat soʻrovi yuborilgan davlat organi yoki tashkilot, tegishli ishni koʻrib chiqayotgan sud yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan advokatning muayyan ishga vakolatliligini aniqlash muqobil ravishda QR-kod qoʻyilgan “Elektron advokatlik orderi” orqali ham amalga oshirilishi mumkin va bu advokatlarning ish samaradorligi ortishiga katta hissa qoʻshadi. Shuningdek, yuqorida taʼkidlangan Farmonga koʻra ushbu tizim orqali advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam koʻrsatish imkoniyati yaratilishi nazarda tutligan.
Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan axborot tizimi orqali advokatlar toʻgʻrisida, ularning maqomi haqidagi maʼlumotlarning olinishi, advokat reytingini aniqlashi, advokatning faoliyatini baholashi va advokat haqida oʻz fikrlarini izoh tariqasida yozib qoldirishi, advokatura sohasiga oid qonunchilik hujjatlari, yangiliklar, statistik maʼlumotlar bilan tanishishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–11-son Farmoni qabul qilingan boʻlib, ushbu Farmonning 1-ilovasiga koʻra 2023 — 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi ishlab chiqilgan va unda sud-huquq soxasidagi bugungi kunning dolzarb muammolari aks ettirilgan. Ulardan biri protsessual qonunchilikda advokatning vakolatlarini, shu jumladan dalillarni toʻplash va taqdim etish vakolatlarini kengaytirish yoʻnalishidir. Ushbu yoʻnalishning dolzarbligi shundan iboratki, fuqarolik va iqtisodiy protsesslarda advokatlarning iltimoslarini koʻrib chiqish aksariyat hollarda keyingi sud protsessiga qoldiriladi va protsessning uzoq vaqt davom etishiga olib keladi. Shuningdek, ular asossiz rad qilinadigan holatlar koʻp kuzatiladi. Shu sababli advokatning iltimosnomalarini rad qilishda sudlar tomonidan asoslantirilgan sud hujjati chiqarilishi maqsadga muvofiq boʻladi.
Sudlarda aksariyat hollarda advokatlarga ishonchnomasiz hech qanday protsessual harakatlarni amalga oshirishga imkon berilmaydi. Vaholanki Fuqarolik protsessual kodeksining 69-moddasiga koʻra sudda ish yuritish vakolatlari vakilga barcha protsessual harakatlarni vakolat beruvchi nomidan amalga oshirish huquqini beradi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida keltirilgan holatlar mustasnodir.
Ushbu farmonda belgilangan yana bir yoʻnalish bevosita sud protsesslaridagi advokatlar faoliyatiga bogʻliq boʻlib, bu yoʻnalish “sud ish yurituvida taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi tamoyilini amalda taʼminlash uchun taʼsirchan mexanizmlarni yaratish” deb nomlanadi. Ushbu tamoyilni taʼminlash uchun prokuror arizasi bilan qoʻzgʻatilgan ishlarda advokat ishtirokini taʼminlash maqsadga muvofiq boʻladi. Agar javobgarda advokat olish imkoni boʻlmasa, unga bepul yuridik xizmatdan foydalanish (pro bono) imkoniyatini taklif etish mexanizmlarini yaratish Ushbu Farmonda koʻzlangan maqsadga erishishga xizmat qiladi.
Ushbu sohada amalga oshirilgan yana bir islohot bu – Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 9-avgustdagi OʻRQ-862-sonli Qonuni bilan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 31- moddasiga oʻzgartirish kiritilib, advokat boʻlish uchun talab qilinadigan ikki yillik yuridik stajga egaboʻlish talabi bekor qilindi.
Zarnigor Bebutova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Fuqarolik protsessual va iqtisodiy
protsessual huquqi” kafedrasi
oʻqituvchisi