2023-yil 1-iyul holatiga 4 ming 702 o'rinli 12 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi. Ayni paytda 24 ming 394 o'rinli 51 ta talabalar turar joylarini qurish ishlari davom etmoqda. Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabr oyida, ya'ni yangi o'quv yili boshlanishiga qadar respublika bo'yicha jami 6 ming 400 o'rinli 11 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshiriladi.

Shundan, Toshkent shahri talabalar shaharchasi hududida jami 3 ta 1 800 o'rinli (O'zbekiston milliy universiteti uchun 1 ta 400 o'rinli, Toshkent davlat texnika universiteti uchun 1 ta 800 o'rinli hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi uchun 1 ta 600 o'rinli) talabalar turar joyida qurilish, ta'mirlash ishlari to'liq yakunlanadi.

Eslatib o'tamiz, Prezidentning 2023-yil 28-fevraldagi PF–27-son Farmoniga muvofiq birgina 2023-yil yakuniga qadar respublika bo'yicha 18 ming o'rinli talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish vazifasi belgilangan. Topshiriqqa muvofiq, yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan 18 ming o'rinli talabalar turar joylari ham to'liq qurib bitkaziladi.