2025-yilda respublikada huquq-tartibot idoralarining saʼy-harakatlari natijasida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 15 412 ta jinoyat va 1 956 ta maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlandi.
Tezkor tadbirlar natijasida 3 tonna 413 kg narkotik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyilib, isteʼmolga chiqib ketishining oldi olindi.
Narkojinoyatlarning 53 foizi Toshkent shahri (3 986 ta), Fargʻona (2 178 ta) va Toshkent (1 954 ta) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keldi.
Giyohvandlik vositalarining eng koʻpini “gashish” (48 foiz yoki 1 tn 470 kg) va “opiy” (27 foiz yoki 819 kg) moddalari tashkil etgan.
14 ta yashirin narkolaboratoriyalar aniqlanib, ularda saqlangan jami 75 kg giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar musodara qilindi.
Narkojinoyat sodir etgan 11 049 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi. Achinarlisi, jinoyatchilarning 59 nafarini maktab oʻquvchilari, 124 nafarini talabalar tashkil etdi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralarning masʼullari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Shu bilan birga, respublikamizning barcha viloyat, shahar-tumanlari hokimliklari, tegishliligi boʻyicha idora va tashkilot xodimlari onlayn tarzda qatnashdilar.
Tadbir davomida masʼullar tomonidan aholini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilishda ommaviy axborot vositalarini oʻrni beqiyos ekanligi, shu bois kelgusida OAVlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligiga taʼkidlandi.
Taʼkidlash joizki, bu yil tezkor-profilaktik oylikka rasmiy start berish marosimi oʻtgan yillardan farqli oʻlaroq oʻzgacha tashkil etilib, tadbir doirasida Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda “Yoshlar forumi” oʻtkazildi.
Forumni yosh ijodkorlar tomonidan yaratilgan “Badal” qisqa metrajli filmi premyerasi ochib berdi. Premyerada mualliflar loyihani yaratishga turtki boʻlgan sabablar, uni suratga olishda qoʻllangan kreativ yondashuv, film orqali yoshlarga yetkazmoqchi boʻlgan asosiy gʻoya haqidagi fikrlarini bayon qilishdi.
Tadbir ishtirokchilariga Shayxontohur tumani “Jarariq” mahallasida yoshlar oʻrtasida giyohvandlikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va “Antinarko” yoshlar front ofisi taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, forum davomida Yoshlar ishlari agentligi faollari tomonidan “Mini muzey” va “Blis” qiziqarli savol-javob viktorinalari tashkil etilib, gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.