Jurnalning yozishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda yoshlar siyosati davlat darajasiga koʻtarilib, hukumat tomonidan yoshlar masalasiga jiddiy eʼtibor qratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bayramga yangi choralar bilan kelganini taʼkidlab, yoshlar uchun yaratilajak qoʻshimcha imkoniyatlarni eʼlon qildi.
Xususan, 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab maqom xonandaligi, maqom cholgʻu ijrochiligi, baxshichilik va fortepiano yoʻnalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma toʻlovlari toʻliq davlat tomonidan toʻlab beriladi.
Texnikumlarga qabul yilda 2-marta tashkil etilib, talabalar uchun davlat granti soni 2 barobarga oshiriladi. Ular uchun ham taʼlim krediti joriy qilinadi. Xususiy taʼlim muassasalarida dasturlash, veb-dizayn, animatsiya kabi kasblarni oʻrganish istagidagi yoshlarga ham 20 million soʻmgacha miqdorda 4 yillik imtiyozli kredit taqdim etiladi.
Xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida 70 nafar oʻquvchi va ularning ustozlari davlat hisobidan Buyuk Britaniyaga safarga yuboriladi.
Prezident yoshlarning bandligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Tadbirkorlik dasturlariga 220 ming nafar, kasb-hunar oʻrganishga 130 ming nafar, davlat korxonalari va xususiy sektordagi boʻsh ish oʻrinlariga 110 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlar jalb etilishi taʼkidlandi, deb yozadi “The Korea Post” jurnali.