Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi qaroriga asosan, Energetika vazirligi tizimidagi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «2x144 km uzunlikdagi “Sirdaryo” IESdan “Zafarobod” podstansiyasigacha 220 kVli elektr uzatish tarmogʻini qurish» investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur investitsiya loyihasini tayyor holda topshirish sharti asosida Bosh pudratchini aniqlash maqsadida oʻtkazilgan xalqaro tender savdolari natijalariga koʻra, gʻolib deb topilgan kompaniya “Sinohydro Corporation Limited” (Xitoy) hamda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida shartnoma imzolandi. Shartnomaga muvofiq, mazkur elektr uzatish tarmogʻi 2023-yilda qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Jizzax viloyatida Oʻzbekistonda birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya qurilmoqda. Ushbu podstansiya 2023-yilda ishga tushiriladi.