Toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summalarini noqonuniy kamaytirishga qaratilgan shubhali bitimlarni amalga oshirgan 396ta tadbirkorlik subyekti keltirilgan roʻyxat shakllantirildi. Davlat soliq qoʻmitasi veb-sahifasiga joylangan roʻyxat omma uchun ochiq boʻlib, insofli tadbirkorlar nomlari zikr etilgan korxonalar bilan hamkorlik qilishda ogoh boʻlishi soʻraladi, deb xabar bermoqda review.uz.
Davlat soliq qoʻmitasining maʼlum qilishicha, soliq summalarni noqonuniy kamaytirishga qaratilgan shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan korxonalarni aniqlash mezonlari etib quyidagilar belgilangan:
– taʼsischiligida (rahbarligida) roʻyxatdan oʻtgan ikki va undan ortiq tadbirkorlik subyektlari qisqa muddat (1 yil) faoliyat yuritgan holda 100,0 mln.soʻm va undan ortiq soliq majburiyatini (soliq qarzini) bajarmagan holatlar mavjudligi;
– bir yil davomida uch va undan ortiq hududga yuridik manzilini oʻzgartirishi;
– faoliyat boshlagan davrdan boshlab, qisqa muddatlarda yirik miqdorda tovar aylanmasini amalga oshirib, rasmiy ishlayotgan xodimlar sonini kam koʻrsatish;
– rasmiylashtirilmagan (kirim qilinmagan) tovarlarni saqlashi, ulardan foydalanishi va realizatsiya qilinishi;
– xarid qilingan tovarlarni (shu jumladan, import) realizatsiya qilmasdan qoldiqda aks ettirilishi va (yoki) tovar qoldigʻi mavjud boʻlgan holda qoʻshimcha ravishda aynan shu tovarlarni xarid qilinishi;
– soliq majburiyatini bajarmagan subyektlarni oʻziga qoʻshib olish natijasida bankrotlik eʼlon qilishi;
– soliq toʻlovchi tomonidan qayd etilgan manzil (bozorlar, savdo komplekslari va biznes markazlar bundan mustasno) bir nechta (uch va undan ortiq) soliq majburiyatini bajarmaganligi natijasida bankrot deb topilgan, shuningdek, soliq toʻlamaslik xavfi yuqori boʻlgan boshqa soliq toʻlovchilar tomonidan koʻrsatilgan manzil bilan mos kelishi;
– huquqni suiisteʼmol qilish, qalbaki yoki koʻzboʻyamachilik uchun bitimlar tuzish (operatsiyalar amalga oshirish) orqali soliqlarni toʻlamaslik yoki toʻliq toʻlamaslik faktlari aniqlanganda;
– toʻlanishi lozim boʻlgan QQS summalarni kamaytirish tarzidagi huquqni suiisteʼmol qilgan (shubhali) korxonalar roʻyxatiga kiritilgan subyektlar bilan bir necha marta (ikki va undan ortiq) operatsiyalarning amalga oshirilishi.
«Ushbu roʻyxatga kirgan 396ta korxonalar va ularning 10 mingga yaqin kontragentlariga tegishli xabarnomalar yuborilgan. Agarda ular aniqlashtirilgan soliq xisoboti taqdim qilsalar hamda xisoblangan soliq summalarini toʻlasa, huquqiy oqibatlar kelib chiqmasligi va mazkur roʻyxatdan chiqarish imkoniyati paydo boʻladi.
Mazkur roʻyxat asosidagi servis tadbirkorlar va aholi orasida qonuniy biznes yuritishning nufuzini oshirishga hamda noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan murosasizlik hissini shakllantirishga xizmat qiladi», – deyiladi qoʻmita xabarida.
Soliq qonunchiligiga koʻra, soliq munosabatlarida soliq toʻlovchilar kontragentlarni tanlash chogʻida lozim darajada ehtiyotkorlik qilishlari kerakligi belgilangan. Bu kontragentning bitim (operatsiya) boʻyicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini, yaʼni buning uchun tegishli ishlab chiqarish bazasi va xodimlarning mavjudligi, uning moliyaviy holati va ishbilarmonlik obroʻsini tekshirishga qaratilgan harakatlardan iborat boʻladi. Bundan tashqari, kontragentning soliq organlarida QQS toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtganligini oʻrganish talab etiladi. Lozim darajada ehtiyotkorlikni namoyon qilmaslik soliq toʻlovchilarga xarajatlarni tan olmaslik uchun alohida holat boʻla olmaydi.
Soliq kodeksining 15 moddasiga muvofiq, «soliq toʻlovchi tomonidan uning oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar boʻyicha qilingan xarajatlar (koʻrilgan zararlar), agar ushbu soliq toʻlovchi bitim tuzayotganda lozim darajada ehtiyotkorlik qilmagan boʻlsa, soliq solish maqsadida tan olinmaydi».
Soliq toʻlovchilarning ayrim harakatlari – qachonki, soliq toʻlovchi yagona yoki ustuvor maqsadi soliq toʻlamaslik tarzidagi asossiz soliq nafi olishdan yoxud oʻzi toʻlaydigan soliqlarning summasini kamaytirishdan iborat boʻlgan operatsiyalarni yoki operatsiyalar ketma-ketligini amalga oshirsa, uning bunday harakatlari huquqni suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi.
Shuningdek, huquq suiisteʼmol qilingan hollarda, soliq organlari soliq toʻlovchi toʻlashi lozim boʻlgan soliqlarning summalarini aniqlashda huquqni suiisteʼmol qilish alomatlariga ega boʻlgan ayrim operatsiyalarni yoki operatsiyalar ketma-ketligini eʼtiborga olmaslikka haqli.
Soliq kodeksining 14-moddasiga binoan, “soliq organlari toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlar summalarini bunday suiisteʼmollikning taʼsirini istisno etadigan tarzda oʻzgartirishga haqli”.