Uchrashuv chogʻida mamlakatimizda ochilgan Yaponiya raqamli universiteti faoliyatini yanada rivojlantirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
“Digital Knowledge Co., Ltd.” kompaniyasi Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (OʻzDJTU) bilan “Japan Digital Universities (Yaponiya raqamli universiteti)” satellit kampusini tashkil etish boʻyicha hamkorlik shartnomasini 2020-yil 17-aprel kuni imzolagan.
Yaponiya raqamli universiteti Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori asosida 2020-yil dekabr oyida tashkil qilingan xususiy universitet boʻlib, uning asosiy vazifalari talabalar uchun yapon tili va madaniyatini oʻrgatish, axborot texnologiyalari sohasida yetakchi muhandislarni tayyorlash va ularni Yaponiyada ish bilan taʼminlashdan iborat.
2021-yil oktyabr oyida universitetda oʻqish uchun 3 ming nafar abituriyent hujjat topshirdi va ulardan 160 nafari oʻqishga qabul qilindi. Oliy bilim yurtiga 2022-yil 500 nafar, 2023-yildan boshlab esa har yili 1000 nafar talaba qabul qilish koʻzda tutilgan. Yapon oliy taʼlim muassasasida oʻqish muddati 4,5 yilni tashkil etadi. Kelgusida universitetda 5 ming nafar talabani bir vaqtning oʻzida oʻqitish rejalashtirilgan.
Muzokaralar natijasida istiqboldagi vazifalarni muvofiqlashtirish va yapon kompaniyasining yurtimizda loyihalarni amalga oshirishi borasida oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.