Uchrashuv davomida Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlariga Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi ulushi va geografiyasini kengaytirish, tashqi mehnat bozori istiqbollarini oʻrganish orqali fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Muzokaralar yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Shveysariya Konfederatsiyasining “Globogate Recruiting GmbH” tashkiloti oʻrtasida Oʻzbekistondan oʻrta boʻgʻin tibbiyot mutaxassislarini Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlariga ishga jalb qilish boʻyicha shartnoma imzolandi.
Maʼlumot oʻrnida, “GLOBOGATE Recruiting GmbH” kompaniyasi 2016-yilda Germaniyaning sogʻliqni saqlash muassasalariga uchinchi davlatlardan tibbiy xodimlarni jalb qilish jarayonini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida Shveysariyaning Sug shahrida tashkil etilgan.
Kompaniya oʻz mutaxassislarini GGR tarmogʻi (mahalliy agentliklar, til maktablari) orqali hamshiralarni doimiy jalb qilish uchun barqaror va innovatsion manbalarni ishlab chiqadi va taqdim etadi. Shuningdek, ishga qabul qilish jarayonini raqamli boshqaruv vositalari bilan birga olib boradi va nazorat qiladi. Ayni paytda kompaniya 300 dan ortiq nemis shifoxonalariga xizmat koʻrsatmoqda.