Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida Oʻzbekistonga Misr Arab Respublikasining begʻaraz yordami — gepatit S virusiga qarshi dori vositalarining qabul qilinishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Ulugʻbek Sobirov, Misr Arab Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amira Faxmi xonim, Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq va Afrika boʻlimi boshligʻi Ismatilla Fayzullayev, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musabayev va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
JSST maʼlumotiga koʻra, har yili dunyoda 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda. 2020-yilgi maʼlumotlarga koʻra, har yili 350 mingdan ortiq bemor gepatit C asoratlari tufayli vafot etadi. Butunjahon gepatit alyansining 2021-yil iyuldagi maʼlumotlariga koʻra, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan koʻproq deganidir.
Respublikamizda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda oilaviy poliklinikalarda bepul skrining jarayonlari davom etmoqda.
Misr hukumati tomonidan begʻaraz yordam sifatida yuborilgan gepatit S virusiga qarshi umumiy qiymati 302 ming AQSH dollariga teng 15 ming dona “Sofosbuvir” va 15 ming dona “Daklatasvir” (jami 30 ming dona) dorilar Respublikamizda skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning “S” turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatiladi.
Maʼlumot uchun: Gepatit S aniqlangan bemorlar dori vositalari bilan bepul taʼminlanadi, deydi Sanepidxizmat Matbuot xizmati.