баннер
2 Mar 2025
04:41

    Oʻzbekistonga kartoshka importi faqat Qozogʻistonga bogʻlanib qolmagan — Qishloq xoʻjaligi vazirligi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻiston Respublikasi kartoshka eksportiga cheklov qoʻygani, bu esa mamlakatimizda kartoshka narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, mamlakatimiz aholisining kartoshkaga boʻlgan yillik talabi 4 million tonnani tashkil etadi.

    Oʻtgan yilda mamlakatimizda jami 3,7 million tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 million tonna va takroriy ekin sifatida 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urugʻlik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yoʻqotish 100 ming tonna (3%) atrofida belgilangan.

    2024-2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamgʻarilgan va fsp.agro.uz onlayn platformasi orqali subyektlar kesimida monitoring yoʻlga qoʻyilgan.

    Zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotni ichki isteʼmol bozoriga chiqarish boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijrosini taʼminlash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuborilgan.

    Joriy yil 20-yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan, zaxira qoldigʻi 239,2 ming tonnani tashkil qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech