«Uzbekistan Airways» maʼlumotiga ko‘ra, o‘rta masofaga parvoz qilish uchun mo‘ljallangan avialayner uzoq muddatli lizing asosida «China Aircraft Leasing Group Holdings Limited» (CALC) kompaniyasidan sotib olingan.
168 o‘ringa mo‘ljallangan «Airbus A320neo» Kuala-Lumpurdan Toshkentga «Uzbekistan Airways»ning anʼanaviy livreyasida yetib keldi. Havo kemasi milliy aviatashuvchi va CALC lizing kompaniyasi o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi hisoblanadi.
Bugungi kunga kelib, «Airbus A320neo» turdagi havo kemalari o‘rta masofali laynerlar orasida eng mashhur va yaxshilaridan biridir. Taʼkidlash joizki, oldingi avlod avialaynerlariga nisbatan karbonat angidrid chiqarish darajasi 50 foizga kamaytirilganligi tufayli samolyot raqobatchilari orasida eng ekologik toza sanaladi.
«Uzbekistan Airways» aviakompaniyasiga ilk «Airbus A320neo» samolyotini Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi hamkorimiz sifatida taqdim etishdan mamnunmiz. «Uzbekistan Airways»ning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi tufayli CALC O‘zbekiston milliy aviatashuvchisi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, Osiyo mintaqasida yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda» – dedi CALC bosh ijrochi direktori Mayk Pun.
Milliy aviakompaniya yangi havo kemasidan Toshkent shahri va viloyatlardan amalga oshiriladigan aviaqatnovlarda foydalanishni rejalashtirmoqda.