Tahlilga koʻra, Oʻzbekiston xalqaro mehnat migratsiyasi global yoʻnalishlariga tobora chuqur integratsiyalashib bormoqda. Anʼanaviy davlatlar — Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya va Turkiya bilan bir qatorda, soʻnggi yillarda Yevropa va Osiyo mamlakatlari ham oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun muhim yoʻnalishlarga aylanmoqda.
2024–2025-yillarda Oʻzbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul oʻtkazmalarining asosiy qismi aynan shu davlatlar hissasiga toʻgʻri keldi.
2025-yilda pul oʻtkazmalari hajmining oʻsishiga muhojirlar ishlayotgan mamlakatlarda ishchi kuchiga talabning saqlanib qolishi, ish haqlarining barqarorligi, iqtisodiy faollikning ortishi hamda milliy valyutalar kurslarining mustahkamlanishi taʼsir koʻrsatgan.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi geografiyasi diversifikatsiyasi ham kuzatildi. Xususan:
- Buyuk Britaniyadan pul oʻtkazmalari 39 foizga,
- Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 37 foizga (Irlandiya — 2,6 barobar, Xorvatiya — 2,5 barobar, Slovakiya — 67%, Litva — 57%, Niderlandiya — 49%, Polsha — 9%),
- AQSHdan 15 foizga,
- Janubiy Koreyadan 15 foizga oshgan.
Bu esa yangi migratsiya yoʻnalishlari kengayib borayotganini koʻrsatadi.
Qayd etilishicha, migratsiya qarorlariga asosiy taʼsir etuvchi omillardan biri — mamlakatlar oʻrtasidagi ish haqi farqidir. Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, eng yuqori ish haqlari Yevropa (Shveysariya, Germaniya, Niderlandiya), Shimoliy Amerika (AQSH, Kanada), shuningdek Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreyada qayd etilgan.
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi (IFAD) maʼlumotiga koʻra, mehnat muhojirlari odatda oyiga oʻrtacha 200–300 dollar miqdorida pul yuborib turadi. Buyuk Britaniyada esa bir muhojir yil davomida oʻrtacha 1 000–3 300 funt sterling (taqriban 4 ming dollar) oʻtkazma amalga oshiradi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda bir qabul qiluvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha yillik pul oʻtkazmasi 2–4 ming dollar atrofida.
Oʻtkazmalar kanallari boʻyicha:
— 9,9 mlrd dollar (52%) — anʼanaviy xalqaro tizimlar (+21%)
— 397 mln dollar (2%) — bank oʻtkazmalari (–49%)
— 8,6 mlrd dollar (46%) — P2P oʻtkazmalar (1,4 barobar oʻsish)
P2P oʻtkazmalar ulushining jadal oʻsishi raqamli moliyaviy xizmatlar ommalashuvi, toʻlovlarning tez va qulay amalga oshirilishi hamda xarajatlarning nisbatan pastligi bilan izohlanmoqda.
Jahon banki maʼlumotiga koʻra, 2025-yil I choragida 500 dollar oʻtkazishning oʻrtacha global qiymati 4,26 foizni tashkil etgan. Eng arzon kanallar mobil ilovalar boʻlsa, eng qimmati anʼanaviy bank oʻtkazmalari hisoblanadi.
Eng past tariflar Janubiy Koreyada (3,07%), Saudiya Arabistonida (3,14%), Avstraliyada (3,54%), AQSHda (3,81%) va Buyuk Britaniyada (3,93%) qayd etilgan.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonga yuborilayotgan P2P oʻtkazmalarda alohida komissiya belgilanmagan boʻlib, xarajatlar asosan valyuta kurslari farqi hisobiga shakllanadi (2–4% gacha).
Shu bilan birga, Oʻzbekistondan xorijga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 2025-yilda 2,7 mlrd dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 5 foizga kamaygan.