Oʻzbekistoning Jiddadagi diplomatlari Makka shahridagi “Al-Vasam al-Madanii” restoranida vaqtincha ishlayotgan oʻzbek oshpazlari bilan uchrashdi.

Suhbat choida vatandoshlarga soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, jumladan, jamiyatimiz va butun mamlakatimiz taraqqiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan umumdavlat dasturlari, davlatimiz tomonidan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash, xavfsiz mehnat migratsiyasini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga urgʻu berildi. Mazkur qaror bilan mehnat migrantlariga taqdim etilayotgan imtiyozlar alohida taʼkidlandi.

Diplomatiya vakolatxonasi xodimlari va vatandoshlar oʻzaro aloqalarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Bosh konsullik xodimlari, shuningdek, hamyurtlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, vatandoshlarimiz va ish beruvchi oʻrtasida belgilangan munosabatlar bilan ham yaqindan tanishdilar.