Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov ushbu mamlakat Taʼlim va ilm-fan vazirligi Reanimatologiya va reabilitatsiya federal ilmiy-klinik markazining Oliy va ikkinchi professional mutaxassislik instituti rektori Vitaliy Oxlopkov bilan uchrashdi.

Elchixonasi maʼlumotiga koʻra, tadbirda anesteziologiya-reanimatologiya va patologik fiziologiya sohalarida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

V.Oxlopkov oʻzbekistonlik anesteziolog-reanimatologlarning malakasini oshirish boʻyicha kurslar tashkil etish, shuningdek, aspirantura va ordinaturada oʻqish istagida boʻlgan oʻzbek mutaxassislarini shartnoma asosida oʻqishga qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, rossiyalik mutaxassislar ishtirokida Oʻzbekistonda turli anjumanlar, xususan, leksiyalar, mahorat darslari oʻtkazish, oʻzaro tajriba almashishni tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Reanimatologiya i reabilitologiya markazi 2014-yilda tashkil etilgan. U uzoq vaqt davomida sunʼiy shamollatish tizimiga ulangan, miya faoliyatida jiddiy oʻzgarishlari bor bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan.

Markaz pandemiya davrida Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yangi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha konsultativ markazga aylantirilgan. Muassasa rossiyalik tibbiyot mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda yetakchi mavqega ega.

Institutda ordinatura va aspirantura bosqichlarida “Anesteziologiya-reanimatologiya” va “Patologik fiziologiya” yoʻnalishlari boʻyicha oliy darajadagi mutaxassislik tayyorlanadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.