Oʻzbekistonlik talaba MDHda yilning eng yaxshi yosh olimi boʻldi

    Keyingi avlod 27 May 2021 2477

    Samarqand davlat tibbiyot instituti talabasi MDH davlatlari oʻrtasidagi xalqaro tanlovda “Yilning eng yaxshi yosh olimi – 2021” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

    Oʻzbekiston nomidan qatnashgan Samarqand davlat tibbiyot instituti talabasi Asliddin Akbarov vatanimiz sharafini munosib himoya qilib tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, yurtimiz va xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan turli tanlovlar yoshlarning ilmiy izlanishlarini ragʻbatlantirib, ularning faoliyatida motivatsiya boʻlib xizmat qilmoqda. Joriy yilning aprel oyida Qozogʻistonning Nur-sulton shahrida boʻlib oʻtgan “MDH yosh olimlari – 2021” xalqaro tanlovda MDHning 14 mamlakatidan turli yoʻnalishlarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan mingdan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etdi. Tanlov natijalariga koʻra Asliddinning ilmiy ishlari qoʻlga kiritgan yutuqlari va tanlov davomidagi saralash jarayonlari hisobga olingan holda hakamlar tomonidan yuqori baholanib, tanlov ishtirokchilari orasida tibbiyotga oid eng yaxshi izlanish deb topildi va 1 oʻringa munosib koʻrildi.

    Asliddin Akbarov Samarqand viloyatida tugʻilgan yoshlik chogʻlaridanoq tibbiyot sohasiga oʻzgacha mehr qoʻyib harakat va intilish bilan birgalikda ota onasidan hamisha duo olardi.

    Asliddin 2019-yilda Urgut tibbiyot kolleji «Davolash ishi, yoʻnalishini imtiyozli tugatib Samarqand davlat tibbiyot instituti talabalar safidan joy oldi. Oʻqishi davomida oʻzining faol va zukkoligi oʻquv faoliyatida tashabbuskorligi bilan ustozlar mehrini qozondi. Uning 40 ga yaqin ilmiy maqola tezislari respublika va xalqaro konferensiyalarda nashr etilgan. Turli tanlov konkurs va xalqaro olimpiada gʻolibligini qoʻlga kiritgan.

    Butun dunyoni xavf ostiga solib turgan koronavirus pandemiyasi davrida qiyinchiliklarga qaramay oʻz kasbiga sodiqligi va masʼuliyat bilan 2020-yil 22-iyuldan 20-avgustga qadar Toshkent viloyati Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi karantin zonasida tibbiyot feldsheri vazifasida bemorlarni davolashda oʻz hissasini samarali qoʻshib fidokorona mehnati uchun Sogʻliqni saqlash tashakkurnomasi va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

    Suhbatimiz davomida Asliddin barcha erishayotgan yutuqlaridan ustozlariga samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Kelajakdagi maqsadlari yoʻlida oʻqishni tamomlagach taʼlimning magistratura yoʻnalishini Germaniya universitetlarida oʻqib yurtimiz ravnaqi va rivoji uchun xizmat qilish mening asosiy vazifamdir, deydi qahramonimiz.