"Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi afsus bilan maʼlum qiladiki, Oʻzbekiston Respublikasining uch fuqarosi:
Hakimov Otabek Ravshanbek oʻgʻli (2001-yilda tugʻilgan),
Xusainov Behzod Jamoliddin oʻgʻli (2001-yilda tugʻilgan) va
Solohiddinov Sherzod Shavkat oʻgʻli (2001-yilda tugʻilgan), Polsha chegarasiga kiraverishda avtohalokatga uchradi.
Dahshatli fojia natijasida Hakimov Otabek voqea joyida vafot etdi. Qolgan ikki hamyurtimiz Lvovdagi shahar kasalxonasida.Ushbu voqealarni inobatga olib, Oʻzbekistonning Kiyevdagi Elchixonasi zudlik bilan elchixona koʻngillilari guruhi vakili, malakali shifokor Temurbek Yusupovni Lvovga joʻnatdi. Uning Lvovga kelishi bugun 5-mart kuni kutilmoqda.
Hakimov Otabekning yaqinlariga hamdardlik bildirgan holda, jabrlangan vatandoshlarning barcha qarindoshlari va yaqinlarini ishontirib aytamizki, Elchixona ularning hayotini saqlab qolish, jumladan, dori-darmonlar bilan taʼminlash va Ukrainaning yetakchi shifokorlari bilan maslahatlashish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshiradi.
Shuningdek Elchixona O.Hakimovning jasadini xalqimiz anʼanalariga muvofiq mumkin boʻlgan eng tez vaqtda oʻz Vataniga joʻnatish boʻyicha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga, biz bu masalani hal qilish mamlakatda olib borilayotgan harbiy harakatlar va ommaviy evakuatsiya tufayli murakkablashayotganini tushunishingizni soʻraymiz", deyiladi axborotda.