Oʻzbekistonlik yosh daho

    Bilasizmi? 19 Sentabr 2021 1775

    AQSHda oilasi bilan yashovchi oʻzbekistonlik 15 yoshli Gʻiyos Umarov Appleʼga tegishli bepul oʻquv materiallarining eng yirik kataloglaridan biri iTunes- Uʼda xato topdi.

    Ilova millionlab oʻqituvchi va talabalar orasida mashhur. Biroq, yaqingacha dasturda kamchilik bor edi — xakkerlar foydalanuvchilarning barcha maʼlumotlarini olishlari yoki oʻquv jarayoniga aralashishlari mumkin edi.

    Gʻiyos Appleʼga bu haqda xabar berib, xatoni tuzatish uchun dasturlash tilida kodlarni yozib yuboradi. Apple bu maʼlumotni sir saqlab turishni iltimos qilib, tekshirib koʻradi va Gʻiyosning xatolikni toʻgʻri aytgani maʼlum boʻladi.

    Kompaniyadan minnatdorchilik bildirilib, mukofotga nima xohlaysan deyishganida, bolakay, “ilova yangilanganda mening ismimni koʻrsatsangiz boʻldi”, deydi. Apple yangilangan ilovaga bolaning ismini yozib, yosh dahoga minnatdorchilik bildiradi.

    Gʻiyos onasining aytishicha, oʻgʻli Nyu Jersi gubernatorining shaxsiy tabrigini ham olgan. Bolakay dasturlashni mustaqil oʻrgangan, kurslarga bormagan.

    Shohira Hamro