Oʻzbekistonliklar “Hyundai” kemasozlik kompaniyasiga ishga taklif etilmoqda

    “Hyundai” korporatsiyasi 2025-yilda mamlakatimizda «Kasb-hunarga oʻqitish markazi«ni tashkil qiladi. Fevral oyidan maqsadli oʻqitishni boshlaydi.

    Shu kunlarda yurtimizda Koreya Respublikasining Ulsan shahri hokimligi hamda jahonga mashhur “Hyundai” korporatsiyasi vakillaridan iborat delegatsiya mehmonda boʻlib turibdi.

    Ular oxirgi 3-4 kun ichida Toshkent, Fargʻona va Samarqand shaharlaridagi Kasbga oʻqitish markazlari faoliyati bilan tanishdi. Bugun Migratsiya agentligi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda kelajakdagi rejalar muhokama qilindi.

    Mavjud kelishuvlarga koʻra, “Hyundai” korporatsiyasi 2025-yilda mamlakatimizda «Kasb-hunarga oʻqitish markazi«ni tashkil qiladi. Shu yerda til va yuqori texnologiyalar asosida Koreya standartlariga binoan kasbga oʻqitiladi.

    “Boshlangʻich davrda Oʻzbekistondan 350 nafar ishchi kuchini jalb qilamiz”, — dedi Ulsan shahar hokimi oʻrinbosari Song Yeon Ju.

    Uchrashuvda Ulsanda xorijlik ishchilarga talab yuqori ekanligi qayd etildi. “Hyundai” kemasozlik kompaniyasi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida dunyoda yetakchi oʻrinlarda turadi. 2500 dan ortiq kemaga xizmat koʻrsatadi. 2027-yilgi buyurtmalar ham shakllanib boʻlgan. Talabdan kelib chiqib, 5 000 nafar chet ellik ishchi ishlab keladi.

    «Oʻzbekistondan ishchi jalb qilishimizga sabab boʻlayotgan omillardan biri — oʻzbek yoshlari mehnatkash, yangilikni tezda oʻzlashtiradi, atrofdagilar bilan chiqishib ketish koʻnikmalari yuqoriligi bilan ajralib turadi», — dedi “Hyundai Heavy Industries” kompaniyasi vitse-prezidenti Kim Seong Hoon.

    Muloqotda 2025-yilning fevral oyidan “Hyundai”ga maqsadli oʻqitish ishlarini boshlashga kelishib olindi. Ungacha, Koreyadan tajribali xodimlar, Koreya texnologiyalari boʻyicha oʻquv dasturlari, uskunalar olib kelinadi.

    Uchrashuvda Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon ham ishtirok etdi.